Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.02.2018 17:29 Chop etish versiyasi

O‘quvchi daftarlarini ishlab chiqaruvchilarning savodi qachon chiqadi?

O‘quvchi daftarlarini ishlab chiqaruvchilarning savodi qachon chiqadi?
Davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlik faol qo‘llab-quvvatlanayotgani, bu jarayonga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etilayotganidan xalqimiz g‘oyat mamnun. Savdo rastalaridagi rang-barang o‘quv qurollarini sotib olayotgan bolalarning zavqi boshqacha.

Faqat bir jihat kishini o‘yga toldiradi: o‘quv qurollari ma’naviy-ma’rifiy talablarga javob beradimi? Afsuski, bu savolga ijobiy javob berish mushkul. So‘zimizning dalili sifatida kundalik daftarlari bilan bog‘liq muammoni tilga olmoqchimiz.

Ma’lumki, joriy o‘quv yilida 5 million 245 ming 221 nafar bola ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchisi hisoblanadi. Bu – shuncha miqdordagi kundalik daftar degani. Shu ma’noda noshirlik sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun o‘quv qurollari ishlab chiqarish mo‘may daromad manbai demakdir. Ular nainki kundalik daftarlarini poligrafiya sifati, balki, ma’naviy jihatlariga ham mas’uliyat bilan qarashsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ayni muhim omil aksariyat hollarda ularning e’tiboridan chetda qolmoqda. Misol tariqasida bir kundalikning ayrim sahifalarini hukmingizga havola qilmoqdamiz.

photo5235562720508618952.jpg

Endi o‘zingiz baho bering. Davlatimiz madhiyasiga sarlavha qo‘yish mumkinmi? Nima uchun bu kabi o‘zboshimchalik va mas’uliyatsizlik urchib bormoqda?

Kundalik daftarini chop etishga million-million mablag‘ sarflayotgan tadbirkorga madhiyamiz matnini malakali mutaxassisga o‘qitib olish shunchalar qiyinmi? O‘sha tadbirkorning o‘zi mamlakatimiz ma’muriy jihatdan 14 ta subyektga bo‘linishini bilmaydimi? Bizningcha, juda yaxshi biladi. Xato va kamchiliklarning bosh sababi shunchaki loqaydlik, mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas. Zamon shiddat bilan oldinga bosmoqda. Ba’zi tadbirkorlar ongi shuuridagi “bo‘laveradi”chilik kayfiyati esa hamon yo‘qolmayapti. Gap o‘quvchining doimiy hamrohi bo‘lgan daftar, umumiy daftar, kundalik daftarlar haqida ketmoqda. Unutmaylik, ular millionlab nusxada ishlab chiqariladi va biz qayd etgan birgina misol bilan chegaralanmaydi .

Joriy o‘quv yili yakunlanmasdanoq, poligraf-tadbirkorlar shu kunlarda yangi mavsumga hozirlanishmoqda. O‘quvchilarni quvontirish maqsadida qutlug‘ ishga bel bog‘lagan tadbirkorlar uchun bu jarayon ayni chog‘da ma’naviy-ma’rifiy burchni ado etish imkoni hamdir. Ular hamisha shuni yodlarida tutishsa, bas! Balki mutasaddilar yozuvli o‘quv qurollarini ishlab chiqarish jarayonining nashriyotlar orqali nazorat qilish yo‘lini tanlashar. Ehtimol, muammoning oldini olish uchun yana ham qulayroq yo‘llar topilar...

Shunday bo‘lishiga umid qilib qolamiz.

Muhamad Vali,
“Repetitor” gazetasi loyiha muallifi.

O‘zA
6 393