Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.06.2018 12:09 Chop etish versiyasi

O‘qituvchi boy bo‘lsa, olim ko‘payadi, shifokor boyisa...

O‘qituvchi boy bo‘lsa, olim ko‘payadi, shifokor boyisa...
Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “Xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqeyini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Mazkur qaror loyihasi keng omma tomonidan muhokama etilmoqda. Biz ham yurtdoshlarimizning ana shu mavzudagi fikr-mulohazalari bilan tanishdik.

Husniddin Sobirov, o‘qituvchi:– Qaror loyihasi bilan tanishib chiqdim. Bizni xursand qilgan jihatlari ko‘p. Misol uchun, o‘qituvchilar har chorakda bir marta, yil davomida to‘rt marta hisobot topshirishi majburiy edi. Bunda chorak davomida bajargan barcha ishlarini, bajarmagan bo‘lsa, o‘ylab, topib, ko‘paytirib hisobot tayyorlab berardi. Endi bu yumush ikki martaga qisqardi. Demak, o‘qituvchiyozuv-chizuvga sarflagan vaqtinio‘quvchilarga bilim berishga sarflaydi. Bu esa bilim berish sifatini oshirish, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Malika Qodirova, uy bekasi: – O‘qituvchining maoshini albatta oshirish kerak. Buvim aytar edilar: o‘qituvchi boy bo‘lsa, olim ko‘payadi, shifokor boyib ketsa, kasal kamayadi deb.

Farrux Qosimov, ishchi: – O‘qituvchilik mashaqqatli kasb. Biz o‘qigan davrlarda darsliklar yillar davomida o‘zgarmasdi, bolalar ham hozirgidek dono emasdi. Shunday bo‘lsada, o‘qituvchilarimiz 45 daqiqa dars o‘tish uchun 3 soat tayyorgarlik ko‘ramiz, deb aytishardi. Hozirgi tezkor zamonda o‘quvchilar o‘qituvchidan ko‘proq ma’lumotga ega. Savoliga javob olmagan bola esa ustozni hurmat qilmaydi. Agar o‘qituvchi uchun ko‘proq sharoit yaratib berilsa, uning o‘z ustida ishlashi uchun vaqti ko‘proq bo‘larmidi...

Jahongir Safoyev, talaba: - Maktabimizda faqat xotin-qizlar dars o‘tardi. Hatto jismoniy tarbiya ustozimiz ham ayol o‘qituvchi edi. Nega erkak o‘qituvchilar yo‘q, deb ko‘p o‘ylardim. Keyin bilsam, ularning maoshi oilani boqishga yetmagani, qog‘ozbozlik ko‘pligi uchun erkak o‘qituvchilar boshqa ishni boshini tutib ketar ekan. Demak, ta’limni kuchaytirish, ayniqsa, o‘quvchi yigitlarni tartibga olish uchun erkak o‘qituvchilarni maktabga qaytarish, buning uchun esa moddiy manfaatdorlikni oshirish kerak.

Jaloliddin Rahimov, olim:– Loyiha bilan tanishdim. Juda yaxshi tashabbuslar olg‘a surilgan.O‘qituvchining jamiyatdagi mavqeyini oshirish uchun, eng avvalo ularga e’tiborni kuchaytirish kerak. O‘qituvchi o‘z o‘quvchisini 45 daqiqa diqqatini ushlab turish uchun hamma narsani unutishi va kuchli tayyorlanishi kerak. Lekin, uni uyi bo‘lmasa, oyligi yetmayotgani sababli oilasida har xil muammolar, janjallar bo‘layotgan bo‘lsa, qanday qilib fikrini jamlab, darsga zo‘r tayyorgarlik ko‘radi. Demak, o‘qituvchining tashvishlari qancha kam bo‘lsa, u dars davomida maqsadga ko‘proq erishadi.Agar qanchalik yaxshi dars o‘tsa, shunchalik yuqori rag‘batlanishini bilsa, ishga munosabat o‘zgaradi...

Menning taklifim yaxshi o‘qituvchilarni maoshini bosqichma-bosqich oshirib borish, ularni uy-joy bilan ta’minlash va turli pedagogik yuklamalarni, qog‘ozbozliklarni kamaytirish kerak. O‘qituvchi mehnatini qog‘ozga qarab emas, o‘quvchilari erishayotgan yutuqlarga qarab baholash kerak.

Rahima Hasanova, tikuvchi: – O‘qituvchi 1 sinfdan 11 sinfgacha o‘quvchini hayotga tayyorlaydi.Uchta farzandim maktabga qatnaydi. Ota-onalar majlisi deyishsa, yuragim zirqiraydi, bu safar nimani bahona qilib, pul so‘rashar ekan deb. Agar o‘qituvchining hamma narsasi yetarli bo‘lsa, turli “yig‘-yig‘lar” ham kamaygan bo‘larmidi?

Mavluda Safarova, oshpaz: – O‘qituvchilarga yaxshi imkoniyatlar yaratib berilsa, xursand bo‘lamiz. Ta’lim-tarbiya berish oson emas.

Zuhra Ismatova, o‘qituvchi:–Loyihaning menga yoqqan jihati yaxshi ishlagan o‘qituvchilarning imkoniyatlari oshishi bo‘ldi. Ular chet elga stajirovkaga yuborilar ekan. Bu ajoyib. Yana bir quvonchli jihati o‘quvchilari hududiy, respublika va xalqaro miqyosdagi turli fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlarga eng kam oylik ish haqining 3 barobaridan 20 barobarigacha miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tartibi joriy etilishi. Agar bu loyihalar qo‘llab-quvvatlansa, biz butun e’tiborimizni malakamizni oshirish va o‘quvchilarning bilimini kuchaytirishga sarflagan bo‘lardik.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 044