Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.05.2018 17:24 Chop etish versiyasi

Nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari topshirildi

Buxoro viloyati hokimligida bir guruh nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda nuroniylar manfaatini himoya qilish, turmush sharoitini yaxshilash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2017-yilning 14 iyuldagi qarori bilan ta’sis etilgan I, II, III darajali "Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda ko‘p yillar halol va samarali mehnat qilgan 50 nafar buxorolik faxriy ham taqdirlandi.

– Men jamoa xo‘jaligida uzoq yillar brigadir bo‘lib ishladim, – deydi Peshku tumanidan 76 yoshli onaxon M.Murodova. – Ancha yillardan beri nafaqadaman. Mana bugun “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rishdi. Barcha nuroniylar kabi xursandman. Bugun dehqonchilikdagi islohotlar tufayli yerning haqiqiy egasi bo‘lgan fermer mehnatiga yarasha baraka topmoqda. Buni fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilayotgan o‘g‘lim va qishloqdoshlarim hayoti misolida ko‘rib turibman. Dehqonchilikda tajriba juda muhim. Shuning uchun ham zarur bo‘lganda fermer xo‘jaligi a’zolariga maslahat beraman. Dalaga mehri tushgan inson yerdan ko‘ngil uzolmaydi.

Prezidentimiz qaroriga muvofiq, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanganlar yashaydigan xonadonlar eshigiga tegishli tartibda ana shu haqda belgi ham o‘rnatiladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 959