Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.07.2017 12:55 Chop etish versiyasi

Nuroniylar – yoshlar maslahatchisi

Samarqandda “Loqaydlik – taraqqiyot kushandasi, boqimandalik – illat” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

“Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Samarqand shahridagi mahallalarda istiqomat qilayotgan uyushmagan yoshlar, voyaga yetmaganlar, ota-onalar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 15-iyunda diniy idoralar vakillari, 30-iyunda yoshlar bilan uchrashuvlaridagi ma’ruzalaridan kelib chiqadigan vazifalar haqida so‘z yuritildi.

– Har bir ota-ona o‘z kelajagi, orzu-umidlarini farzandi kamolida ko‘rgani kabi, davlatimiz ham Vatanimizning ertangi yorug‘ kelajagini bugun voyaga yetayotgan yoshlar timsolida ko‘radi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov. – Yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib o‘sishi, ta’lim-tarbiya olishi va kasb-hunar egallab, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Lekin bugun dunyodagi notinch vaziyat, turli oqim va guruhlarning yoshlar ongu tafakkurini egallashga urinishi kuchayib borayotgan bir paytda farzandlarimiz taqdiriga har birimiz mas’ulligimizni his qilib, ogoh va hushyor bo‘lib yashashni taqozo etmoqda. Bunda keksa avlod vakillarining pand-nasihatlari, hayotiy o‘gitlari alohida ahamiyatga ega.

Davra suhbatida huquq-tartibot idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari yoshlar o‘rtasida uchrayotgan jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari, ularni keltirib chiqarayotgan omillar va uning oqibatlari haqida aniq misollar bilan ma’lumot berdi.

Qo‘shrabot tumanidagi Buloqboshi mahallasida o‘tkazilgan tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarining 34 bitiruvchisi hamda uyushmagan yoshlarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
4 974