Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.05.2018 07:30 Chop etish versiyasi

“Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirildi

Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Uchquduq tumanida keksa avlod vakillari uchun barcha qulayliklar yaratilgan “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirildi.

Zarafshon shahri markazidagi sun’iy ko‘l yonida 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga qad rostlagan mazkur majmuada keksalar uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, trenajyor, stol tennisi, shaxmat-shashkaga mo‘ljallangan maxsus zallar, kutubxona, tahorat va namoz xonalari mavjud. Bundan tashqari, maskanga keladigan nuroniylarning salomatligi barcha turdagi dori vositalari bilan ta’minlangan tibbiyot va muolaja xonalarida tekshiruvdan o‘tkazib boriladi. Shuningdek, fitobar va nuroniylar oshxonasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Uchquduq tumanida ham 280 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga bunyod etilgan maskanda zarur qulayliklar yaratilgan. Boy kitob fondiga ega kutubxona, tibbiyot xonasi, keksalarga mos sport mashg‘ulotlari zali esa bu yerga keladigan yoshi ulug‘ insonlar vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi.

Maskanning ochilishiga bag‘ishlangan marosimda 4 nafar nuroniyga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 102