Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 19:28 Chop etish versiyasi

Nuroniylar e’zozlanayotgan yurt obod bo‘ladi

Termiz shahridagi “Turon” to‘yxonasida nuroniylar uchun Navro‘z shodiyonasi va yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi munosabati bilan bayram dasturxoni yozildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi va “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, turli bayramlar arafasida keksalarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos yuksak fazilat ekani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi "O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ajdodlardan meros bunday ulug‘ qadriyatlarimizni izchil davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mamlakatimizda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik ayyomi sifatida keng nishonlanayotgan Navro‘zi olam ruhiga ahillik, totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam berishdek ezgu g‘oyalar chuqur sindirilgani yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va farovonlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Viloyatda istiqomat qilayotgan 150 mingdan ziyod nuroniyning 114 nafari 100 yoshdan oshgan tabarruk otaxon va onaxonlardir.

– Prezidentimiz rahnamoligida keksa avlod vakillariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Termiz shahar bo‘limi raisi Parda Xolmatov. – Bunday g‘amxo‘rliklardan ruhlanib, yoshiga yosh qo‘shilayotgan nuroniylarimiz navqiron avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqda. Ulug‘ ayyomlar arafasida tashkil etilayotgan hasharlar, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyliklariga bosh-qosh bo‘layotir.

Surxondaryo viloyatida ham yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish fasli oldidan keng ko‘lamli obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, bog‘-rog‘lar, gulzorlar barpo etilmoqda. Viloyat g‘allakorlari 97 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarishlayotir. 99 ming 200 gektar maydonga chigit qadab, undan mo‘l hosil olishga puxta taraddud ko‘rmoqda. Mirishkorlar har qarich yerdan unumli foydalanib, sarxil meva-sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga bel bog‘lagan. Yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan bu kabi ulug‘vor ishlarni sifatli tashkil etishda ham keksa avlod vakillarining xizmatlari alohida.

– Ajdodlardan bezavol o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlarimizga hamohang tarzda bizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdormiz, – deydi muzrabotlik mehnat faxriysi Do‘stqobil Qodirov. – Mustaqillik bo‘lib, azaliy qadriyatlarimiz va milliy bayramimiz – Navro‘z qayta tiklangani katta boylik. Ayniqsa, bu yil milliy bayramimizning asl holicha umumxalq sayli sifatida keng nishonlanayotganidan behad xursandmiz. Qariyalarga mehr ko‘rsatilib, ularni qadrlash ajoyib an’anaga aylangan yurtimizda hayotimiz tinch, dasturxonimiz to‘kin-sochinligiga shukrona aytamiz. Farzandlarimiz, nevara-chevaralarimiz turmushidan ko‘nglimiz to‘q. Yoshlarga bugungi osoyishta va farovon turmushning qadriga yetishni uqtirish bizning vazifamiz.

Bayram dasturxonida keksa avlod vakillariga sovg‘alar berildi. Nuroniylarning bir piyola choy bahona samimiy gurunglari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Davlatimiz rahbari boshlagan ezgu ishlarga rivoj, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dehqonlarimizga qut-baraka tilab duolar qilindi. Vatan, mehr-oqibat, hamjihatlik va bunyodkorlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 834






Все о погоде - Pogoda.uz