Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 13:15 Chop etish versiyasi

Nuroniylar e’zozlanayotgan yurt obod bo‘ladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Surxondaryo viloyatida 110 dan ortiq Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, 4 ming 880 ga yaqin mehnat fronti faxriysining holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda.

Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari hamkorligida Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish, o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlarga turar joy ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijrosiga kirishildi.

– Bugungi tinch-osoyishta va farovon kunlar uchun urushda jasorat ko‘rsatgan, fidokorona mehnat qilgan insonlarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotgani ularning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib, yoshiga yosh qo‘shmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Surxondaryo viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari P.Jo‘rayev. – Ayni paytda viloyatda 100 yoshdan oshgan yuz nafardan ortiq otaxonu onaxon farovon hayot kechirayotgani ham buning isbotidir. Farmonda belgilangan 2 million so‘m va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan ajratilayotgan pul mukofotlarini topshirish, uy-joylarini ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini may oyiga qadar yakunlash choralari ko‘rilmoqda. Keksa avlod vakillarining salomatligini mustahkamlash, turmush sharoitini yanada yaxshilash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda tuzilgan ishchi guruh a’zolari har bir urush qatnashchisining xonadonida bo‘lib, ularning turmush sharoiti bilan tanishmoqda, ehtiyojlarini o‘rganmoqda. Haj safari va avtomobil xarid qilish uchun sertifikatlar haqida tushuncha berilmoqda. 2 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisini zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash, 20 nuroniyning uyini mukammal ta’mirlash belgilab olindi. 10 urush qatnashchisi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy yengil avtomobildan xarid qilish, uch nafari muqaddas haj safariga borish istagini bildirdi. 29 nafarini eshitish moslamasi, 26 nafarini nogironlik aravachasi bilan ta’minlash uchun buyurtma berildi.

Bu yil Xotira va qadrlash kuni “Qahramonlik, burch va fidoyilik” hamda “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” shiorlari ostida o‘tkazilmoqda. Shunga muvofiq, viloyatda urush va mehnat fronti faxriylari bilan tashkil etiladigan uchrashuvlar, davra suhbatlari, turli madaniy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun puxta hozirlik ko‘rildi.

– Bugungi tinch va osoyishta hayotimiz uchun jon fido qilgan insonlar xotirasini yod etish, hayot bo‘lganlarining qadriga yetish, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos yuksak fazilatdir,– deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari Firdavs Sharipov.– Ularning mashaqqatli va ayni paytda sharafli hayot yo‘li bilan tanishish yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Bayramoldi tadbirlarida ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga mudofaa tizimi, ichki ishlar organlari, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shoir-yozuvchilar, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari keng jalb etilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizga sodiq avlodni kamol toptirishga xizmat qiladi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 905






Все о погоде - Pogoda.uz