Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2018 15:00 Chop etish versiyasi

«Nurafshon» shahar hokimi Usmon Rahimov: Samarqand va Buxorodagi milliy shakllardan foydalanamiz

«Nurafshon» shahar hokimi Usmon Rahimov: Samarqand va Buxorodagi milliy shakllardan foydalanamiz
Biz Toshkent viloyatidagi Nurafshon shahrini qurilish maydonchasida turibmiz. 246 gektarda qurilishi mo‘ljallangan «aqlli» shaharchada dastlabki qurilish ishlari boshlanganiga guvoh bo‘ldik. Qiziq, qurilish jarayonida uning «aqlli» ekanini anglatuvchi belgilar ko‘rinmaydi. Mazkur shaharning aqlli jihatlari haqida bilish uchun «Nurafshon» shahar hokimi Usmon Rahimov bilan suhbatda bo‘ldik.

photo5350730314340739321.jpg

- Shahrimizning «aqlli»ligi eng oxirgi texnologiyalar qo‘llanishi va insonning yashashi, hayot kechirishi uchun qulaylik jihatlarida ko‘rinadi. Undagi uylar, binolar avtomatlashtirilgan bo‘ladi. Ya’ni o‘zingizdagi mavjud smartfon yoki planshet ko‘magida uyingizni issiqligi, yorug‘ligini nazorat qila olasiz. Transport qatnovi, qaysi marshurut qachon kelishi haqidagi savollarni javobini bilasiz. Markazda yangi zamonaviy bekatlar bo‘ladi. Agar smartfon yoki planshetingiz bo‘lmasa, bekatlarda o‘rnatilgan ekranlardan avtobuslar va marshurutkalarni kelish - ketish vaqti haqida ma’lumot olasiz.

Ekologiyani tozaligini saqlash maqsadida chiqindilarni tashlash nuqtalaridagi konteynerlarga GPS navigatori o‘rnatiladi. Bu uskunalar boshqaruv tizimiga konteynerlarni to‘lgani haqida ma’lumot yuboradi. Bu esa chiqindi tashuvchi transportlarni bekorga vaqt sarflab, to‘lmagan chiqindixona oldiga bormaslik, to‘lganini esa vaqtida olib ketishga imkon beradi. Shaharda 200 ta kuzatuv kameralari o‘rnatilib, markazlashgan holda xavfsizlik ta’minlanadi.

Yana bir gap. Shaharda mo‘tadil havoni ta’minlash uchun sun’iy kanal quriladi. Bizning yerlarimizda yer osti suvlari yaqin. Ularni kanal orqali shahar aylantirib, mo‘tadil iqlimni ushlab turamiz.

Barcha xizmatlar avtomatik boshqarilishi kutilayotgan hududda qancha aholi yashaydi?

Aqlli shahrimiz 20 ming nafar aholiga mo‘ljallangan. Hisoblab ko‘rsak, markaz hududidagi tashkilotlarda ishlovchi xodimlar soni qariyb 7 ming nafar ekan. Ularni oila a’zolari bilan qo‘shsak 17 ming nafarni tashkil qildi. Maishiy xizmat, madaniyat markazi, savdo uylarida xizmat ko‘rsatadiganlar soni uch ming nafarni tashkil etadi. Ushbu hisob-kitoblar asosida 20 ming aholiga mo‘ljallangan shaharcha qurishga qaror qilindi.

Shahar markazida ma’muriy binolar bo‘ladi. Loyihada eng yuqori nuqtada viloyat hokimligi, atrofida boshqa tashkilot va korxonalar joylashgan. Stadion, yopiq suv havzasi, biznes markazlari, yoshlar ijodiyot markazi, kutubxona uchun ham alohida joy ajratilgan. Istirohat bog‘lari, piyodalar va velosipedchilar uchun xiyobonlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ayni vaqtda loyihaga o‘zgartirishlar kiritilgani haqida eshitdik. Buning sababi nima? Shuningdek, bu loyiha kim tomonidan ishlab chiqilgani, uni kimlar qurishi ko‘pchilik uchun qiziq?

- Bu loyihani Singapurdagi yirik kompaniya ishlab chiqdi. So‘ngra yurtimizdagi loyihalash tashkilotlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston standartlariga moslashtirildi. Shaharchani qurish bilan xorijlik mutaxassislar shug‘ullanadi. Qurish va qurilish nazorati to‘liq ularda bo‘ladi. Hozirda ana shu qurilish tashkilotlarini takliflari o‘rganilib, ular o‘rtasida tanlov o‘tkazilmoqda. Unda Turkiya va Xitoy kompaniyalari faol ishtirok etmoqda.

O‘zgartirishga kelsak, xorijlik mutaxassislar taklif qilgan loyihadagi ayrim obyektlarga zamonaviyligini yo‘qotmagan holda milliy bezaklar tushirishga kelishib olindi. Binolarning tashqi va ichki ko‘rinishida Samarqand va Buxorodagi milliy shakllardan foydalaniladi.

«Aqlli» shahar qachon qurib bitkaziladi? Ko‘pchilikda kuchli qiziqish uyg‘otayotgan shaharda insonlar qachon yashay boshlaydi?

Birinchi qismi ikki yilda qurib, ishga tushiriladi. Unda ma’muriy binolar, sport va tibbiyot obyektlari barpo etiladi. Ularda faoliyat yurituvchi aholi uchun uy-joylar quriladi.
Shaharni 246 gektarda to‘liq bunyod etilishi uchun besh yil belgilangan.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
5 587