O‘zA O`zbek

14.08.2018 18:59 Chop etish versiyasi

Nukus mehmonlarni kutmoqda

Nukus mehmonlarni kutmoqda Poytaxtning Janubiy vokzali. Jonajon Vatanimizning fayzli ostonasi. Qulayligidan yiliga ming-minglab yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi go‘zal maskan. Uning bu galgi yo‘lovchilari boshqalardan yaqqol farq qiladi. Ularni mehr, ijod va yangilikka intilish birlashtirgan.



Poyezd vaqtini kutayotganlar ortiqcha so‘zsiz, harakatlari va hatto raqs orqali o‘zaro muloqot qilishmoqda. “ZO`R TV”ning ijodiy jamoasi: san’at va madaniyat xodimlari, mashhur aktyorlar va estrada ijrochilari, turli loyihalar bo‘yicha tanlovlarda g‘olib bo‘lgan jamoa a’zolari hisobiga shakllantirilgan 350 kishilik guruh perronda ana shunday ajoyib bayramona muhitni yuzaga keltirishdi. Mazkur loyiha esa, joriy yilning 25 iyul kuni boshlangan.

Safarga otlangan katta ijodiy jamoaning bir bo‘lagiga aylanish, ular bilan muloqotga kirishish hech ham murakkab emas. Zero mamlakatimizning eng uzoq manzillaridan bo‘lgan qoraqalpog‘istonlik tengdoshlari oldida munosib ishtirok etish mas’uliyati shu joyning o‘zida ishtirokchilarni tayyorgarlikka undamoqda. Ana shu hayajon va mas’uliyat harakatlarning har bir jihatiga alohida e’tibor sari undayotganini jajjigina qizaloqlar nigohidagi jiddiylikdan ham payqash qiyin emas. Boisi o‘z chiqishlari bilan shunchaki raqs ijro etish emas, boshqalarni ham ruhlantirish, yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdek kattaroq maqsad ularning yuragida jo‘sh urmoqda.

Yoqimli va unutilmas sayyohat uchun hamma narsa shay. Nukusda bo‘lib o‘tadigan yakuniy gala-konsertning ko‘tarinki ruhiyati Janubiy vokzalda start oldi. Ana shu kayfiyat ila poyezd sayohatni boshladi. U o‘zi bilan ijodning serqirra va betakror ufqlari, qiyosi yo‘q imkoniyatlar va yangi do‘stlik rishtalari kabi ruhiyatni ham olib ketmoqda. Faqat bu ezgu niyatlar poyezdning maxsus vagonlarida emas, 350 nafar yosh yo‘lovchi qalblariga jo bo‘lgan.

O‘zA
2 814