Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.11.2017 16:03 Chop etish versiyasi

14-noyabr kuni dispanserda ochiq eshiklar kuni tashkil etildi

Xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuni munosabati bilan har yili noyabr oyida butun dunyoda diabet oyligi o‘tkaziladi. Yurtimizda ham ushbu tadbir uyushqoqlik bilan o‘tkazib kelinmoqda.

– Joriy yilda oylik tadbirlarini “Ayol va diabet” mavzusida tashkil etish belgilangan, – deydi Samarqand viloyati endokrinologiya dispanseri bosh shifokori G.Ne’matova. – Shundan kelib chiqib, Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy dispanserlar tomonidan aholi o‘rtasida keng ko‘lamli profilaktika tadbirlari, tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Jumladan, poytaxtdan kelgan mutaxassislar hamda dispanser shifokorlari viloyatning Paxtachi, Narpay singari olis tumanlarida xotin-qizlar, homilador ayollar va bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, zarur tavsiya va maslahatlar berdi. Keksalar, nogironlar va bemorlarning xonadoniga borib, salomatligi ko‘rikdan o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar davomida kasallik aniqlangan fuqarolar ro‘yxatga olinib, ularni davolash choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, oylik doirasida diabetlar uyushmasi, qandli diabetga chalinganlarga yordam ko‘rsatuvchi “Umid D” nodavlat tashkiloti va xususiy klinikalar bilan hamkorlikda bemor bolalar, kam ta’minlangan oilalar vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularga zarur dori-darmon va boshqa vositalar berildi. 14-noyabr kuni dispanserda ochiq eshiklar kuni tashkil etilib, barcha fuqarolarga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun keng imkoniyat yaratildi.

Bugungi kunda Samarqand viloyati endokrinologiya dispanseri zamon talablari darajasida bunyod etilib, 50 qatnovga mo‘ljallangan ambulator poliklinika, 60 o‘rinli statsionar davolash bo‘limlari orqali aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Dispanserning 60 dan ortiq vrach va mutaxassislari bilan birga, Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xodimlari ham har hafta viloyatga kelib, bemorlarga o‘z maslahat va tavsiyalarini beradi. Shuningdek, markaz va dispanser o‘rtasida onlayn videomuloqot o‘tkazish imkoniyati yaratilgani bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va ularni samarali davolashga xizmat qilmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 798






Все о погоде - Pogoda.uz