Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.10.2017 14:17 Chop etish versiyasi

Noruda qazilmalar qazib olish uchun litsenziya beriladi

"Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simliklar va hayvonot dunyosi
hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir,
ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir". 

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 55-modda. 

O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan barcha vazifalar, xususan, uy-joy va yo‘l qurilish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Mazkur ob’ektlarning barpo etilishida qurilish materiallari, xususan, mahalliy qum-shag‘aldan keng foydalaniladi.

Hozir mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Biroq daryo o‘zanlari, kanallar, kollektorlarni tozalash va ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash borasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi ayrim kamchiliklar va bo‘shliq sababli qum-shag‘al zaxiralaridan noqonuniy foydalanish holatlari ham ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat 2017-yilning o‘tgan davrida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish bo‘yicha 220 dan ortiq holat aniqlangan.

– Noqonuniy joydan qazib olingan qum-shag‘al tufayli ko‘plab muammolar yuzaga kelardi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining irrigatsiya inshootlaridan samarali foydalanish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov. – Qum-shag‘al zaxiralaridan noqonuniy foydalanish daryo o‘zanlarining chuqurlashishi, sathi pasayishi, qirg‘oqlarning o‘pirilishi, botqoqliklarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgandi. Bu yon-atrofdagi minglab gektar maydonlarning suv ta’minotiga hamda strategik ob’ektlar – ko‘priklar, magistral yo‘llar, gaz va suv quvurlari xavfsizligiga ham salbiy ta’sir qiladi.

Daryo va kanallar qirg‘oqlarida qum-shag‘al qazish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning ekskavator, toshni qayta ishlash uskunalari yil davomida ishlashi, yuk mashinalari suvning ichida yurishi natijasida ochiq suv havzalari ifloslanadi. Ana shunday e’tiborsizlik tufayli 12,7 ming kilometrni tashkil etuvchi 437 ta daryo va boshqa suv ob’ektlari landshaftlari o‘zgarib, tabiiy resurslarga, jumladan, o‘simlik va hayvonot dunyosiga, ularning yashash va o‘sish muhitiga, qum-shag‘al zaxiralariga katta ziyon yetkazilayotgani kuzatilmoqda.

Shu kunga qadar bunday zararni undirish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmaganligi bois qonunbuzar fuqaroga va mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan xolos. Jazoning yengilligi keyingi vaqtlarda mazkur sohada noqonuniy faoliyat olib boradigan “tadbirkor”lar ko‘payishiga sabab bo‘layotgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 25-sentabrdagi “Suv ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuzaga kelgan vaziyatning oqibatlarini bartaraf etish va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim dasturilamal bo‘layotir. Unda daryolar o‘zanini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, qum-shag‘al qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majmuaviy chora-tadbirlar belgilangan.

Mazkur hujjatga ko‘ra, qonun buzilishlarini aniqlash, bartaraf etish maqsadida viloyat, tuman va shaharlar darajasida turli mutasaddi organlarning vakillaridan iborat idoralararo guruhlar tashkil etiladi.

– Endilikda daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshidagi maxsus muhandislik-texnik otryadlar olib boradi, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Rustam Mirzatayev. – Daryolar o‘zanlarida noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun litsenziya Vazirlar Mahqamasi komissiyasi tasdiqlagan zaxiralar mavjudligi va suv rejimiga salbiy ta’sirga yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan beriladi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar shubhasiz daryo va suv havzalarining o‘zanlarini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalar, xususan, qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish va atrof-muhitga salbiy ta’sir yetkazishning oldini olish imkonini beradi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
1 744






Все о погоде - Pogoda.uz