O‘zA O`zbek

10.05.2018 12:56 Chop etish versiyasi

Nomsiz xiyobon yoxud shahar husnidagi dog‘

Nomsiz xiyobon yoxud shahar husnidagi dog‘
Poytaxtimiz qoq markazida e’tiborsiz qolayotgan shunday nomsiz xiyobon bor. Bu joyni ko‘pchilik yaxshi bilishadi. Biroq negadir ushbu maskan mutasaddilar nazaridan chetda qolayotgandek nazarimizda.

Shaharning qoq markazida joylashgan, kattagina hududni egallagan xiyobonni aylansangiz, gap nimada ekanini anglaysiz. Biz, “Toshkent markaziy universal magazini” (sobiq “SUM” do‘koni) yonidagi xiyobonni nazarda tutyapmiz. Qariyb besh-olti gektar maydonni egallagan ushbu maskan quyuq daraxtlar bilan qoplangan bahavo va sokin go‘sha. Lekin afsuski, Sho‘rolar davrida barpo etilgan ushbu saylgoh, tan olish kerak, istiqlol yillarida e’tibordan chetda qoldi. So‘lim xiyobonni kezsangiz, bu yerdagi manzaralar dilingizni xufton qilishi turgan gap.

04.jpg

Bir paytlar yo‘laklarga didsizlik bilan yotqizilgan shapaloqdek beton plitalar allaqachon dizayn nuqtai nazaridan eskirgan, yo‘lkalarni o‘t bosib ketgan. Yo‘laklar chetiga o‘rnatilgan yog‘och o‘rindiqlar esa shunchalik xarobki, hatto o‘tirishga kishining ko‘ngli tortmaydi.

02.jpg

Xiyobon markazidagi hojatxona yuzga chiqqan chipqonni eslatadi. Bu yerda na tozalik, na sanitariya-gigiyena qoidalari xususida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Shu holiga ham kirishni falon so‘m, deb belgilab o‘tirgan qorovulni ko‘rib, kulgingiz qistaydi. Uning tashqi ko‘rinishiga qarab, ichkaridagi holatni tasavvur etish qiyin emas.

10.jpg

Yog‘och o‘rindiqlar atrofi, daraxtlar quyuqroq joylar esa ichimliklardan bo‘shagan idishlar, turli paket va qog‘ozlar bilan to‘lib-toshgan.

09.jpg

Shu bois bo‘lsa kerak, bu yerda hordiq olishga keladiganlar soni barmoq bilan sanarli. Kunduz kuni xilvat joyni xush ko‘radigan to‘rt-besh juft yigit-qiz va zerikkan bitta-yarimta bekorchidan boshqa kimsani uchratmaysiz. Kechqurun esa xiyobon xiyla gavjumlashadi. “Sevishganlar” va bekorchilar safiga shu yaqin-atrofdagi do‘konlardan spirtli ichimlik xarid qilib, yog‘och o‘rindiqlarda qo‘r to‘kkan ulfatlar ham qo‘shiladi.

01.jpg

Aslida bu maskan bir paytlar juda mashhur go‘sha bo‘lgan. Xiyobon hududida joylashgan “Moviy gumbazlar” (“Golubыye kupola”) kafesi shahardagi eng nomdor tamaddixonalardan biri hisoblanar edi.

11.jpg

Mijozlarning ko‘pligi bois, ushbu bog‘ har doim hordiq chiqaruvchilar bilan gavjum bo‘lgan. Lekin keyingi yillarda e’tiborsizlik sabab, ulkan xiyobondan fayz ko‘tarilgandek. Aslida, qulay va markazda joylashgan bu xiyobon aholining eng sevimli maskanlaridan biri bo‘lishi lozim edi.

Biz ushbu xiyobon taqdiri bilan qiziqib, bir qator tashkilotlarga murojaat qilib ko‘rdik. Ammo Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi va Mirobod
03.jpg
tuman obodonlashtirish boshqarmasidan ham savolimizga tayinli javob ololmadik. Ular biz faqat obodonlashtirish ishlariga mas’ulmiz, deyishdan nariga o‘tishmadi. Mirobod tuman hokimligidagi mutaxassislar esa bu xiyobonda tadbirlar o‘tkazilmasligini ro‘kach qilib, tozalik va boshqa masalalarda ushbu hudud tegishli bo‘lgan mahallaga murojaat qilishimizni maslahat berishdi. Ammo yirik tashkilotlar e’tibor qaratmagan muammolarni bartaraf etishda mahallaning qo‘lidan nima ham kelardi?

Poytaxtimizning qoq markazida joylashgan ushbu xiyobonning shundoqqina biqinida “Tashkent palace” mehmonxonasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat katta akademik teatri, O‘zbekiston badiiy akademiyasining markaziy ko‘rgazmalar zali joylashgan. Xiyobondan har kuni o‘nlab xorijlik sayyohlar o‘tishi shubhasiz. Qarovsiz va g‘arib maskanning ahvoli chet elliklarda qanday taassurot uyg‘otishiga izoh bermasak ham bo‘lar.

Toshkent shahar hokimligiga taklifimiz

Rasmiy manbalardan qidirib bu xiyobonning qanday nomlanishini aniqlay olmadik. Shu holatda unga biror bir nom yopishmasligi ham aniq.

Prezidentimizning talabi va tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlikni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada bir nechta hujjatlar ham qabul qilindi. Ushbu xiyobonda esa uzoq yillardan beri kitob va jurnallar bilan savdo qiladigan qator rastalar mavjud. Kimgadir noyobroq kitob yoki qiziqarliroq jurnal kerak bo‘lsa, shu yerdan topiladi. Ko‘pchilik xiyobonni kitob bilan bog‘lab tilga oladi, shunday ekan, uni “Kitobxonlar xiyoboni” deb nomlab, shunga mos ravishda qayta ta’mirlasak, o‘z holicha savdo qilayotgan kitob rastalarini zamonaviy dizayn asosida tartibga keltirsak, kitob o‘qish uchun qulay o‘rindiqlar qo‘yilsa, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘ida o‘tkaziladigan an’anaviy kitobxonlar festivallari shu yerda o‘tkazilsa, ayni muddao bo‘lur edi.

Toshkent shahar hokimiyati, mutasaddi idoralar bu taklifimizni e’tiborsiz qoldirmaydi, deb ishonamiz.

Vohid Luqmonov, Akbar Qarshiyev O‘zA
8 750