Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2018 21:11 Chop etish versiyasi

Nefrologiya va gemodializ xizmati qay ahvolda?

Parlament quyi palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan respublikada nefrologiya va gemodializ xizmatining holatiga bag‘ishlangan davra suhbati uyushtirildi.

Gemodializ – buyrak vazifasini bajaruvchi davo muolajasi bo‘lib, muhtoj bemorlar hayotini saqlaydi. Bugungi kunda respublikamizda bu xizmat yo‘lga qo‘yilgan, barcha mintaqalarda hamda zaruratdan kelib chiqib, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida gemodializ uskunalari o‘rnatilgan va gemodializ xizmati tashkil etilgan.

Yig‘ilishda respublika bo‘yicha 3 ming 608 nafar bemor gemodializga muhtoj ekanligi aniqlangani alohida qayd etildi. O‘tgan yil davomida hududlarda buyrak yetishmovchiligi yuzaga kelgan 3 ming 967 nafar bemorga gemodializ muolajalari ko‘rsatilgan. Bugungi kunda mavjud gemodializ uskunalarining 11 tasi ta’mirtalab ahvolda ekanligi, ammo ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmayotganligi aniqlandi, 6 ta uskuna ma’nan eskirgan.

Shuningdek, faqatgina Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida gemodializ apparatlar va mutaxassislar yetarliligi uchun 100 foiz kasallar qamrab olingan. O‘rganishlar natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan nefrologiya va gemodializ xizmati sifatini yaxshilash uchun barcha hududlarni soha mutaxassislari hamda gemodializ apparatlari bilan to‘liq ta’minlash, mavjud tibbiyot uskunalariga o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish hamda gemodializ jarayonida foydalaniladigan sarflov materiallarini uzluksiz yetkazib berish choralarini ko‘rish lozimligi uqtirildi.

Shu bilan birga, buyrak kasalliklarini erta aniqlash, bunda aholining ushbu kasalliklar va ular asoratlarining oldini olish bo‘yicha tibbiy madaniyatini yuksaltirish, nefrologiya va gemodializ xizmatining me’yoriy huquqiy asoslarini takomillashtirishga e’tibor qaratildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
5 243