O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:46 Chop etish versiyasi

Nazokat Sobirova Qoʻqon festivalida ishtirok etadi

Nazokat Sobirova Qoʻqon festivalida ishtirok etadi
Xalqaro hunarmandchilik festivali oldida

Termizda “Men Qoʻqon festivaliga boraman!” shiori ostida hunarmandchilik koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor hunarmandlar safining yanada kengayishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, bundan ikki yil avval Surxondaryo viloyatida 320 hunarmand davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlsa, joriy yilga kelib ularning soni 1 ming 300 nafarni tashkil etdi.

– Mazkur tadbir bahonasida xalqimiz qoʻli gul hunarmandlarimizning joriy yil 10-15-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga koʻrayotgan tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi M.Joʻrayeva. – Shuningdek, sohaning moliyaviy qoʻllab-quvvatlanayotgani hunarmandlarimizning yanada kengroq izlanib, mehnat qilishiga qulay muhit yaratdi. Xususan, oʻtgan yili 410 hunarmand tijorat banklaridan 11 milliard 176 million soʻm imtiyozli kredit olib, oʻz faoliyatini kengaytirishga muvaffaq boʻldi. Hunarmandlarimiz bu yil ham tijorat banklarining imtiyozli kredit mablagʻidan unumli foydalanmoqda. Qoʻqon shahrida oʻtkaziladigan mazkur festival ham sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Hunarmand” uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida tashkil etilgan tadbirda oltmishdan ortiq eng izlanuvchan, mohir hunarmand oʻz mahsulotlarini namoyish etdi. Ular safida Boysun tumanida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Nazokat Sobirova ham bor.

Qoʻli gul yosh hunarmand qadimda boysunlik ayollar toʻqigan 42 turdagi gilam, olacha va janda toʻqilishini chuqur oʻzlashtirib olgan. Shuningdek, u yaratayotgan Boysunning milliy doʻppilari, tasma, poʻpak, sumka kabi oʻndan ortiq turdagi noyob mahsulotlari ham xorijliklarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Bu yil 21 yoshga toʻlayotgan Nazokat olti yoshida hunarmandchilikka mehr qoʻygan. Mohir hunarmand onasi Roziya Eshonqulovaga yaqindan koʻmaklashib, janda, olacha hamda Boysun gilamlarini toʻqish bilan shugʻullangan.

Boysunning qadimgi hunarmandchiligini yanada yuksaltirib, dunyoga keng tarannum etishga bel bogʻlagan Nazokat “ustoz-shogird” anʼanasi asosida yosh qizlarga soha sirlarini chuqur oʻrgatayotir. Ayni paytda togʻli tumanning turli mahallalarida uning 42 nafar shogirdi bor.

– Mamlakatimizda Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkazilayotgani ezgu ish boʻldi, – deydi yosh hunarmand. – Bilasizmi, qadimda ajdodlarimiz qoʻl mehnati va yuksak aqlu zakovati bilan yaratgan nafis buyumlar koʻp. Agar ularni bizning avlod asrab qolmasa, yoʻqolib ketishi ham hech gap emas. Shu maʼnoda ushbu festivalning oʻtkazilishi ajdodlarimiz merosini qayta tiklab, rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Masalan, men mahallalarda yashayotgan keksa hunarmand momolarimizdan qirqdan ortiq turdagi qadimgi gilam nomini aniqlab, toʻqish sirlarini oʻrganib oldim. Machay taraflarda toʻqilgan imomsulton, qashqari, 101 juftli gilamlarni topib, ularni qayta tikladim. Qoʻqonda oʻtkaziladigan Xalqaro festivalda shu kabi noyob va nafis mahsulotlarimiz bilan ishtirok etmoqchiman.

Tadbirda xalqaro festivalga puxta hozirlik koʻrayotgan hunarmandlar munosib ragʻbatlantirilib, faxriy yorliqlar topshirildi.

Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV olgan suratlar, OʻzA
782