Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.11.2017 17:29 Chop etish versiyasi

“Navoiy vorislari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

Namanganda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan “Navoiy vorislari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan tanlovda 11 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.

Tanlov buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning boy ijodiy merosini o‘rganish, keng targ‘ib qilish orqali yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

– Alisher Navoiy asarlaridagi yuksak insonparvarlik g‘oyalarini navqiron avlod ongiga chuqur singdirish kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi, – deydi Namangan davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi F.Karimova. – Buyuk bobomizning ijodi misoli bir ummon. Mana, besh asrdan ortiq vaqt o‘tibdiki, uning tubiga yetib bo‘lmaydi. Bu buyuk zotni yoshlarimizga bolaligidan tanitib bormasak, kutilgan natijaga erisha olmaymiz. Bunday tadbirlar esa shu yo‘ldagi ezgu urinishlardir.

Adabiy tanlovda ishtirokchilar eng ko‘p g‘azal yod olish, g‘azalni bexato va ifodali o‘qish, g‘azal matnining nasriy bayoni (yozma sharhi)ni yarata olish, g‘azal matnidagi so‘zlarni izohlab berish kabi shartlar orqali o‘z bilimini namoyish etdi.

Uychi tumanidagi 11-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi O.Ergasheva birinchi o‘rinni egalladi va tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Namangan tumanidagi 24-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi D.Habibullayeva ikkinchi, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 7-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi N.Olimjonova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 691






Все о погоде - Pogoda.uz