O‘zA O`zbek

11.04.2018 10:15 Chop etish versiyasi

Navoiy viloyatida chorva naslchiligini yaxshilash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

“Navoiy chorva naslchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati aholi, fermer xo‘jaliklari, korxona va tashkilotlarni zotli qoramollar bilan ta’minlashga qaratilgan. Jamiyat ish boshlagan 2009 yildan ayni paytga qadar Germaniya, Estoniya, Ukraina kabi davlatlardan 2 ming 300 boshdan ortiq nasldor qoramol keltirilib, fermer xo‘jaliklari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining yordamchi xo‘jaliklari va boshqa tashkilotlarga tarqatildi.

– Bunday zotli qoramollarning afzalligi shundaki, bizning sharoitimizga mos, mahsuldorligi yuqori, kuniga 25-30 litr sut beradi, – deydi “Navoiy chorva naslchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi F.Boirov. – O‘tgan yili ham Estoniyadan 65 bosh zotli qoramol keltirdik. 63 boshini Qiziltepa tumanidagi “Rasul bobo” fermer xo‘jaligi, 2 boshini esa Navoiy shahridagi “Umid” fermer xo‘jaligi sotib oldi. Bugungi kunga kelib ularning soni 60 boshga ko‘paydi.

Bunday zotli qoramollar asosan naslli buqalardan qochirish va sun’iy urug‘lantirish yo‘li bilan ko‘paytirilmoqda. Hozirgi vaqtda “O‘znaslchilik” korxonasi urug‘lik bilan ta’minlamoqda. Masalan, o‘tgan yili zotli buqalarning 120 ming urug‘i keltirilib, viloyatimizdagi fermer xo‘jaliklari va aholining qoramollari sun’iy qochirildi.

Prezidentimizning 2017 yil 29 sentabrdagi Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Nurota tumanlari hamda Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida mintaqada qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilgan. Hujjatda hududlarda tuyachilik, yilqichilik, qo‘y va echkichilikni rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab berilgan. Shu kunlarda “Navoiy chorva naslchilik” MChJ ham mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy ishlarni boshlab yubordi. Hozir Qozog‘iston va Afg‘onistondan 1 ming bosh tuya, 20 ming boshdan qo‘y va echki keltirish bo‘yicha takliflar bildirilib, dastur ishlab chiqildi.

Viloyat hududining asosiy qismi cho‘l va yaylovlardan iborat bo‘lgani bois, chorvachilikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar katta. Ayniqsa, tuyachilik, yilqichilik yo‘lga qo‘yilsa, yaylovlar zotli va mahsuldor mollar bilan to‘lsa, soha yanada taraqqiy etadi. Aholi daromadi oshib, turmush farovonligi yaxshilanadi. Muhimi, minglab qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
4 165