Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2018 16:58 Chop etish versiyasi

Navoiy ijodiga ehtirom

Ona tilimizga muhabbat har birimizning qalbimizda, avvalo, Alisher Navoiy asarlari mutolaasi orqali paydo bo‘ladi. Bu bebaho merosdan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni qancha ko‘p bahramand etsak, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, jamiyatimizda ezgu fazilatlarni kamol toptirishga katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Do‘rmon madaniyat saroyida Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Nazm va navo” ma’naviy-ma’rifiy tadbirida bu alohida ta’kidlandi.

Tadbirda viloyat, tuman hokimliklari mas’ullari, ta’lim muassasalari rahbarlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat va tuman kengashlari xodimlari, shoir-yozuvchilar, yoshlar ishtirok etdi.

– Buyuk mutafakkirning bebaho asarlari insonlar o‘rtasida mehr-oqibat va samimiyat tuyg‘ularini mustahkamlaydi, – deydi Chirchiq davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Adiba Davlatova. – Bugungi globallashuv davrida, dunyoning turli mintaqalarida axborot xuruji avj olayotgan bir paytda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning dunyoqarashi, bilim va tafakkurini boyitishda adabiyot, ayniqsa, Alisher Navoiy qalamiga mansub nodir namunalardan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu borada institutimiz talabalari o‘rtasida ommaviy kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, buyuk so‘z san’atkorining boy merosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buyuk mutafakkir hayotiga oid sahna ko‘rinishlari, shoir g‘azallari bilan kuylanadigan qo‘shiqlar kechaga yanada zavq bag‘ishladi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
7 927