O‘zA O`zbek

07.03.2018 15:19 Chop etish versiyasi

Natija bermagan talablardan voz kechish vaqti kelmadimi? Yoxud sariq taksi muammolari

Natija bermagan talablardan voz kechish vaqti kelmadimi? Yoxud sariq taksi muammolari
Meni doim bir narsa qiziqtiradi: nega taksilar aynan sariq rangda bo‘lishi kerak?

Tanishimning bu fikriga u qadar e’tibor bermadim. To‘g‘risi, bir oz hayratlanib, yelkamni ham qisib qo‘ygandim. Axir, bu haqida Vazirlar Mahkamasining 2011-yilning 18- mayida qabul qilingan “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2012-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkent shahridagi taksilar qaymoqrang, viloyatlardagi esa sariq rangda bo‘lishi, ularning haydovchilari litsenziya olgani haqidagi guvohnoma va tibbiy varaqaga ega bo‘lishlari lozim.

Shu tariqa tanishimning savoliga javob borku, deya bu haqida balki boshqa o‘ylab ham ko‘rmasdim, agar bir voqea bo‘lmaganda...

Yaqinda xizmat safari bilan Jizzax shahriga bordik. Kundalik tashvishlar bilan ko‘chaga chiqqan odam borki, taksiga ishi tushadi. Shaharda ulov ko‘p, lekin sariq rangli avtomashinalar deyarli ko‘rinmaydi. Duch kelgan mashinalardan birini to‘xtatib, manzilni aytdik.

Ketayotib, haydovchi mehmonga o‘xshaysizlar, nima yumush bilan keldinglar, deya so‘rab qoldi. U yoqdan, bu yoqdan gap ochilib, mavzu taksilarga borib taqaldi.

Haydovchi shunday hikoya qildi. «Qariyb 30 yildan buyon avtomobil boshqaraman. Hatto, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatida 2010-yilda Jizzax shahrida yo‘lovchi tashish transporti uyushmasini ham tashkil etganman. 120 ta ishchi o‘rni yaratdim. Bugun korxona gullab-yashnab, xizmat ko‘rsatish sifati ham oshib ketgandir, dersiz? Yo‘q, aksincha jamoamizda hozirda 30 nafargina haydovchi qoldi.

— Nega? Yurtimizda yangidan yangi ish o‘rni ochish uchun imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda sizda ish o‘rni kamayib ketadi, maoshini o‘z vaqtida bermagan bo‘lsangiz kerakda? – deya fikrimizni aytdik.

— Ey, yo‘q, – dedi u. – Chetdan qarab, kimnidir ayblash oson. Lekin sohani ichida yurgan odam buni yaxshi tushunadi. O‘zimdan qiyos: tadbirkorlikni boshlaganimda uyushmaga a’zo bo‘lish oson, notarial to‘lovlar arzon, eng muhimi esa avtoulovni sariq rangga bo‘yash yo‘q edi. Biz bu xizmatlarni joriy etib, nima yutdigu, nima yutqazdik. 30 yillik haydovchilik stajim, rahbarlik jarayonida shuni bildimki, yo‘lovchi tashish xizmatida o‘zini oqlamaydigan ko‘pgina jarayonlar, to‘siqlar bor.
Haydovchi bu muammolarni sanay boshladi:

Birinchidan, taksi haydovchilariga bir yillik majburiy sug‘urta to‘lovi belgilangan. Uning to‘lovi davlat narxida 90 dollar ya’ni 360 so‘m. Dala ishlari kamaygan vaqtlarda, misol uchun, qish mavsumida vaqtincha ish so‘rab murojaatlar qilishadi. Ular uch oy, olti oy yoki yetti oy ishlash istagini bildiradi. Ana shunda bir yillik majburiy sug‘urta aytilganda, e’tiroz bildirishadi: bir yil ishlamaymanku, shu davrga yarasha to‘lov qilsam bo‘lmaydimi? Afsuski, bir oy ishlagan haydovchi ham, bir yil ishlagani ham ushbu so‘mmani bir xilda to‘lashi shart. 

Ikkinchisi: yaqinda hisoblab ko‘rdik, viloyatimizda sariq rangdagi taksilar soni 600taga ham yetmas ekan. Biroq, kuzatuvlarimiz Jizzax shahrida 4 ming nafardan ko‘proq shaxs noqonuniy tarzda «taksichilik» bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsatdi. 

Endi hisoblab ko‘ring. Agar 600ta o‘rniga 4 mingta odam ishga olinsa davlatga qancha tushum bo‘ladi. Haydovchi yo‘lga chiqishdan oldin avtotransport vositasining belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan, haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi yo‘l varaqasi uchun kuniga 10 ming so‘m to‘lasa, davlat byujetiga bir kunda 40 million so‘m tushadi. Bu ko‘rsatkich bir oyda 1 milliard 200 million so‘mni, bir yilda 14 milliard 400 million so‘mni tashkil etadi. Bundan tuman, shahar byujeti qancha foyda ko‘radi?
Yana bu haydovchilarga to‘langan oylik ish haqidan olinadigan soliq byujetga tushum emasmi? Eng muhimi, yangi ish o‘rni ochilishi, yoshlarning bandligi ta’minlanishi-chi? Bu oddiy arifmetikani Iqtisodiyot yoki Moliya vazirligida o‘tirgan mutasaddilar bilishmaydimi?

Biz uchun yana bir og‘riqli nuqta bor. Mana olti yilki avtoo‘lovlarni sariq rangga bo‘yash yaxshi samara bermayotgani isbotlandi. Axir yillab, pul yig‘ib, qancha orzular bilan olingan mashinani kim ham bo‘yab, rangini o‘zgartirgisi keladi. Bizdan buni talab qilayotgan rahbarlarning o‘zi shunday qiladimi? Yo‘q. Natija bermagan talablardan voz kechish vaqti kelmadimi?

Viloyatimizda 4 ming nafardan ko‘proq noqonuniy faoliyat yuritayotgan takschilar borligini aytdim. O‘ylaymanki, bu borada vaziyat boshqa viloyatlarda ham bundan yaxshi emas. Yana bir gap. Bugun taksi qilib, hech joyda ishlamayotgan, davlatga nafi tegmayotgan yigitlar vaqti kelib, pensiya talab qiladi. Ana shunda ularga nafaqa qaysi mablag‘dan olib beriladi. Agar ulardan mashina rangini o‘zgartirishni talab qilmasdan, ishga qabul qilsak, jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi ochiladi. Bu ham byujetga foyda emasmi?

Prezidentimiz bizni uyg‘onishga chorlayotgan bir fursatda, vatanimiz ravnaqini o‘ylayotgan bir fuqaro sifatida sohaga joriy etilayotgan yangi me’yorlarda, avvalo, fuqarolar manfaati hisobga olinishini juda-juda istayman... Haydovchi bu so‘zlarni aytayotganda, manzilimizga ham kelib qoldim.

Shu tariqa poytaxtga qaytib, bu mavzuda ko‘p o‘yladim. Internetdan bu boradagi xalqaro tajribalarni o‘rganishga harakat qildim. Birinchi taksilar 1903-yilda Londonda faoliyat yurita boshlagani, 1907-yildan Moskvada, 1937-yil Peterburgda va nihoyat Toshkentda 1934-yilda paydo bo‘lgani haqida ham bilib oldim. Shunda dunyoda taksi-avtomobillar uchun yagona rang aslida qabul qilinmagani, ammo ko‘pgina mamlakatlarda sariq rang keng joriy etilgani haqida ma’lumot topdim. Sabab esa, yorqin sariq rangdagi avtomobillar boshqa transport vositalari orasida yaqqol ajralib, qorli, yomg‘irli, tumanli kunlar va qorong‘ida ham ko‘zga tashlanar ekan.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
5 118