O‘zA O`zbek

01.08.2018 12:19 Chop etish versiyasi

Namanganlik iste’molchilar ko‘proq qaysi tashkilotdan norozi?

Namanganlik iste’molchilar ko‘proq qaysi tashkilotdan norozi?
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining murojaatlarni o‘rganish borasidagi 2018 yilning o‘tgan 6 oylik davomidagi ma’lumotlari e’lon qilindi.

Mazkur tahlil mamlakatimizda qaysi sohalarda islohotlar davr talabidan ortda qolayotganligi bilan birga fuqarolarning huquqiy savodxonligi o‘sib borayotganligini ham ko‘rsatmoqda.

Xo‘sh, bu borada Namangan viloyatida qanday manzarani ko‘rish mumkin? Shu savol bilan qilgan murojaatimizga binoan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi Namangan viloyati hududiy birlashmasi raisi Orifjon Boyboyev quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Joriy yilning o‘tgan birinchi yarmida hududiy birlashmaning tuman va shahar jamiyatlariga fuqarolardan 353 ta murojaat tushdi. Murojaatlarning 249 tasi yozma, 104 tasi og‘zaki shaklda qabul qilindi. Murojaatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43 taga ko‘paygan. Bu yurtdoshlarimizning huquqiy madaniyati o‘sayotganidan dalolatdir. Zero, yaqingacha iste’molchilarning arzimagan, ya’ni o‘z joyida hal etilishi mumkin bo‘lgan muammolar bo‘yicha ham prokuratura yoki vazirliklarga murojaat qilishi holatlari ko‘p uchrar edi.

Sohalar bo‘yicha ajratilganda murojaatlarning 80 tasi gaz ta’minoti, 60 tasi savdo, 58 tasi elektr ta’minoti, 25 tasi suv ta’minoti, 20 tasi transport, 14 tasi sog‘liqni saqlash, 3 tasi aloqa korxonalari tomonidan iste’molchi huquqlarini buzilganligi yuzasidan va 69 ta boshqa turli masalalarga taalluqli ekanligi qayd etildi. 

Murojaatlarni shahar va tumanlar kesimida tahlili esa joylarda jamiyatning qaysi tizimi o‘z funksiyasini davr talabi darajasida bajarmayotganligi yoki aniqroq aytiladigan bo‘lsa yurtdoshlarimiz qaysi tashkilotdan ko‘proq norozi ekanligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilish imkonini beradi. 

Jumladan, Namangan shahridan 54 ta murojaat tushgan bo‘lsa, shundan eng ko‘pi (17 ta) ni savdo va gaz ta’minoti korxonasi (11 ta) tomonidan iste’molchilar huquqlari buzilayotgani xususidadir.

Tumanlar orasida eng ko‘p murojaat Uchqo‘rg‘on (51), Pop (47 ta), Chortoq (43 ta), Yangiqo‘rg‘on tumanlaridan (39) tushgan. Uchqo‘rg‘on tumanidan qabul qilingan murojaatlarning salmoqli qismi gaz, suv va elektr ta’minoti, poplik arizachilarning aksariyati transport va gaz, transport, elektr xizmati, Chortoq tumanidan kelgan shikoyatlarning asosiy qismida gaz ta’minoti korxonalari faoliyati ustidan shikoyat qilingan.

Mazkur murojaatlarni o‘rganib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga jami 92 million 893 ming 700 so‘m miqdorda buzilgan huquqi tiklandi, jumladan murojaatlarning 3 tasi nazorat va 6 tasi sud organlari orqali hal etildi.

A.Sattorov, O‘zA
3 100