Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.02.2018 20:20 Chop etish versiyasi

Namanganda egilgan umurtqa pog‘onasi birinchi marta to‘g‘rilandi

Shu paytga qadar bunday murakkab operatsiya poytaxtimizdagi shifoxonalarda amalga oshirilardi. Sohadagi izchil islohotlar viloyatlarda ham yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Tizimni zamonaviy texnik-texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilayotgan alohida e’tibor bu borada muhim omil bo‘layotir.

Bu viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shunday yuksak tibbiy mahorat va texnik ta’minot talab etiladigan jarrohlik amaliyotiga ilk bor dadil qo‘l urilganida ham o‘zining yorqin ifodasini topdi. Mazkur shifoxona bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Zafar Xolov hamkasblari bilan birga uychilik 20 yoshli bemor Mahbuba Yunusovada o‘tkazgan va to‘rt soat davom etgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi. Mahbuba endi barcha tengdoshlari qatori qaddini tik tutib yurish baxtiga muyassar bo‘ldi.

– Qizimdagi bu xastalik o‘n bir yoshida boshlangan edi, – deydi Mahbubaning onasi Marg‘uba Isroilova. – O‘tgan yillar mobaynida harakat-tayanch organlarida salbiy o‘zgarishlar kuchayib bordi. Tashqi ko‘rinishdagi nuqson, ayniqsa, qiz bolaning taqdiriga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Mana, endi qizimning yetti yillik armon va azobi ortda qoldi, u hayotga tabassum bilan boqmoqda.

Nabirasi bilan diydorlashgani kelgan salkam 100 yoshli bobosi G‘ulomjon Isroilov palataning o‘zida duoga qo‘l ochdi:

– Hech vaqt Mahbubaning chehrasi bu qadar ochilganini ko‘rmagan edim. Allohimga behisob shukr. Xalq salomatligini o‘ylab, tajribali mutaxassislarni viloyatimizga ishga yuborgan Prezidentimizga mingdan-ming rahmat! Qo‘li yengil shifokorlarning har bir ishi omadli va xayrli yakun topaversin!

Akramjon Sattorov, O‘zA
5 480