Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 14:57 Chop etish versiyasi

Namangan viloyatida profilaktika kuni doirasida “Davomat” tadbiri o‘tkazildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan payshanba – profilaktika kuni tadbirlari Namangan viloyatida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Pop tumanida tashkil etilgan shunday tadbirda hududdagi barcha qishloqlar, ta’lim muassasalari qamrab olindi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Pop hududi va aholi soniga ko‘ra viloyatning eng yirik, tog‘li va qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh tumanlaridan bo‘lib, bu yerda profilaktika ishlarida o‘ziga xos yondashuv taqozo etiladi.

– Profilaktika kunini samarali tashkil etish uchun tuman hududi olti sektorga bo‘linib, har biriga bo‘lim boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari, sohaga oid xizmat rahbarlari boshchiligidagi alohida guruhlar biriktirildi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi inspektori, katta leytenant B.Asatullayev. – Guruhlarga huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, mahalliy hokimlik, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman bo‘limlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa idora-tashkilotlardan 500 dan ziyod vakil jalb etildi. Guruhlar faoliyati bo‘limda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan muvofiqlashtirib borildi.

Profilaktika kunida “Pop shahri”, “Nayman”, “G‘urumsaroy”, “Chorkesar”, “Chodak” deb shartli nomlangan sektorlar hududidagi kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablaridagi davomat o‘rganildi. “Davomat” tadbirida darsga kelmayotgan o‘quvchilar masalasi ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Tushuntirish ishlari natijasida bunday o‘quvchilarning ta’limga qaytishi ta’minlandi. Farzandi taqdiriga loqayd ota-onalar, pedagoglarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.

Tadbirda hafta davomida sodir etilgan firibgarlik, o‘g‘irlik, yo‘l-transport hodisasi kabi jinoyatchilik sabablari tahlil etilib, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi va bunday holatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlari belgilab olindi.

Tadbirga jalb etilgan xodimlar va jamoatchilik vakillari shu kuni mingdan ziyod xonadonda bo‘lib, oila a’zolari bilan suhbatlashdi. Bunda yolg‘iz qariyalar, turli aqidaparastlik oqimlariga moyil shaxslar, muqaddam sudlanganlar va uzoq muddat uyidan olisda yashagan fuqarolarga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilgan mayda bezorilik, pasport-viza tartibini buzish kabi huqubuzarliklar bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rildi.

Profilaktika kunida joylarda qo‘riqlash xizmati samaradorligini oshirish, yong‘in va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, pasport-viza tartibiga rioya qilish kabi masalalar bo‘yicha keng tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 650






Все о погоде - Pogoda.uz