Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.12.2017 15:58 Chop etish versiyasi

Namangan shahrida “Do‘stlik uyi” ochildi

Namangan shahrida “Do‘stlik uyi” ochildi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi oldidan barpo etilgan mazkur muassasaning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan marosimda Namangan viloyati va shahar hokimligi mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, turli millat vakillari, faxriylar, yoshlar ishtirok etdi.

Mustaqillik yillarida xalqimiz bosib o‘tgan ulkan taraqqiyot yo‘li, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda qo‘lga kiritilgan yutuq va marralar, O‘zbekistonimiz mavqei xalqaro miqyosda tobora yuksalib borayotgani, bunda yurtimizda turli millatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan bag‘rikenglik siyosati muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

3.jpg

– “Do‘stlik uyi”ning ochilishi bilan Konstitutsiyamizning 18-moddasida belgilab qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasida jinsi, irqi, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning bir xil huquq va erkinlikka ega ekani yana bir bor o‘z ifodasini topdi, – deydi viloyat tojik milliy madaniy markazi rahbari A.G‘ofurov. – Bugun viloyatimizda tojik millatiga mansub 230 mingga yaqin yurtdoshlarimiz Bosh qomusimizda kafolatlangan huquqlardan to‘la foydalanib, barchamiz uchun yagona bo‘lgan ona Vatanimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilmoqda.

12.jpg

Bundan tashqari, viloyatda 22 mingdan ziyod qirg‘iz, 12 ming rus hamda 3 mingga yaqin koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida hamjihatlikda yashab, huquqiy demokratik davlat barpo etish, mustaqilligimizni yanada mustahkamlashda faol ishtirok etayotir. Viloyatda ularning milliy madaniyati va an’analarini asrab-avaylash, rivojlantirish, farzandlarini ona tilida o‘qitish, milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Rus, koreys, qirg‘iz, tojik milliy madaniy markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

1.jpg

“Do‘stlik uyi” uchun ajratilgan ikki qavatli muhtasham binoda amalga oshirilgan 1 milliard so‘mlikdan ziyod hajmdagi rekonstruksiya ishlari tufayli imorat zamonaviy va ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Bu yerda rus, koreys, qirg‘iz va tojik milliy madaniy markazlari faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Milliy madaniy markazlar qoshidagi badiiy havaskorlik jamoalari, yosh iste’dodlar ijrosidagi kuy-qo‘shiq va raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Ishtirokchilar “Do‘stlik uyi”da amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, u yerda tashkil qilingan turli millatlar tarixi, madaniyati, an’ana va urf-odatlariga doir ko‘rgazmalar bilan tanishdi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
8 795