Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 12:14 Chop etish versiyasi

187 nafar mas’ul shaxsga jarima chorasi qo‘llanildi

187 nafar mas’ul shaxsga jarima chorasi qo‘llanildi Sirdaryo viloyatida har hafta chorshanba kunlari o‘tkazilayotgan yong‘inlar profilaktikasi tadbirlari korxona-tashkilot va muassasalar, aholi xonadonlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, bu borada fuqarolarning hushyorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 23-maydagi “Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan tuman va shaharlarda mahalliy hokimliklar, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda mahallalar, tashkilot, korxona va muassasalarda profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

– Yong‘in profilaktikasi tadbirlari doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 26 ming 430 aholi xonadoni, 403 davlat tasarrufidagi tashkilot va 14 tadbirkorlik subyektining yong‘in xavfsizligi holati o‘rganildi, – deydi Sirdaryo viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan A.G‘ozixo‘jayev. – Tadbirlar davomida yong‘in xavfsizligi va uning oldini olish bo‘yicha uy egalari hamda mas’ul shaxslarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Aniqlangan kamchiliklarni mutasaddi rahbarlar bilan birga joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi. Hal qilish imkoni bo‘lmagan muammolar yozma ravishda, aniq muddati belgilanib, tegishli mutasaddilarga yetkazildi.

Ayni paytda mamlakatimizda dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib, qabul punktlariga yetkazish muhim vazifadir. Ushbu qimmatbaho xomashyoni yong‘in xavfidan asrash maqsadida paxta qabul qilish punktlarida amalga oshirilgan ishlar viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Profilaktika kuni davomida viloyatdagi 6 paxta tozalash zavodi, 27 paxta qabul qilish punktida bu boradagi tayyorgarlik ishlari o‘rganildi. Natijada ayrim korxonalarda muammolar mavjudligi aniqlandi va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Aholi uy-joylarida, korxona-tashkilot va muassasalarda o‘rganish yakunlari keng jamoatchilik ishtirokida tahlil etilib, xavfsizlik qoidalariga zid harakatlarni bartaraf etish choralari belgilandi. Davlat tasarrufidagi 60 ga yaqin maskanning yong‘inga qarshi holati bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar yuzasidan rahbarlarga yozma ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganish xulosalariga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 5 ming 600 dan ziyod xonadonda kamchiliklar aniqlanib, ularning 4 ming 483 tasi joyida bartaraf etildi.

Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 187 nafar mas’ul shaxsga nisbatan 7 million 735 ming so‘mdan ziyod jarima choralari qo‘llanildi. Yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan muammoli holatdagi 21 binoning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 186 nosoz gaz va elektr uskunasidan foydalanish taqiqlandi.

Bu kabi profilaktika tadbirlari natijasida viloyatda aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa tashkilotlarda yong‘in bilan bog‘liq noxush holatlar kamayishiga erishildi.

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA
1 270






Все о погоде - Pogoda.uz