Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 14:24 Chop etish versiyasi

Muzeylarda tarix mujassam

Muzeylarda tarix mujassam Bu yil 90 yilligi nishonlanayotgan Samarqand davlat universitetining tarixi, turli davrlarga oid hayoti haqida arxiv hujjatlari, kitoblardan ko‘plab ma’lumotlar olish mumkin. Shu bilan birga, universitetda tashkil etilgan bir qator muzeylar uning o‘tmishi va bugungi kuni, bu yerda shakllangan ilmiy maktablar, faoliyat ko‘rsatgan professor-olimlar haqida keng va batafsil ma’lumot olish imkonini beradi.

Samarqand davlat universiteti ilmiy-amaliy muzey-laboratoriyasi ana shunday muassasalardan biridir. Shahardagi Universitet xiyobonida, oliy o‘quv yurti binolari qatorida joylashgan muzey, avvalo, o‘ziga xos arxitekturasi bilan ajralib turadi.

– Universitetimiz uzoq yillar Alisher Navoiy nomi bilan yuritilgani, qolaversa, tilshunos va adabiyotshunos olimlarimizning buyuk mutafakkir hayoti va ijodini, uning Samarqandda tahsil olgan davrlarini o‘rganish borasida olib borgan ilmiy tadqiqotlari natijalaridan yoshlarni xabardor etish maqsadida muzey-laboratoriyaning eng katta qismi ulug‘ bobokalonimiz merosini targ‘ib etishga bag‘ishlangan, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Suyun Karimov. – "Ulug‘ shoirning hayot yo‘li", "Navoiy va Samarqand", "Alisher Navoiy dunyo e’tirofida", "Navoiyshunos olimlarimiz", "Navoiyning adabiy merosi" kabi bo‘limlarda buyuk ajdodimiz, uning merosini o‘rganish borasida olib borilgan ishlar haqida qimmatli ma’lumotlar jamlangan. Ekspozitsiyalar markaziga shoirning samarqandlik haykaltarosh To‘lagan Yorqulov yasagan haykali o‘rnatilgan.

Muzey-laboratoriyaning “Samarqand va Samarqand davlat universiteti ta’lim tarixining mustaqillikkacha bo‘lgan davri” deb nomlangan qismi Markaziy Osiyo, xususan, Samarqandda shakllangan ta’lim tarixini yoritishga bag‘ishlangan. Unda ilk uyg‘onish – Renessans davri, Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan va ta’lim, Markaziy Osiyoda XVI-XIX, XIX-XX asrlarda ta’lim haqida ma’lumotlar berilgan. Samarqand davlat universitetining shakllanish davrlari bosqichma-bosqich ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu davrlarda faoliyat ko‘rsatgan ilm-fan namoyandalari haqida ma’lumotlar to‘plangan.

8 (1).JPG

“Samarqand davlat universiteti mustaqillik yillarida” deb nomlangan qismida oliy ta’lim dargohining keyingi 26-yillik hayoti, mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar, yangi ochilgan bo‘lim va fakultetlar, ta’lim mutaxassisliklari, ilmiy maktablar to‘g‘risida keng va batafsil ma’lumot berilgan. Hujjatlar, fotosuratlar joylashtirilgan.

Samarqand davlat universiteti zoologiya muzeyi Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, 1934-yilda tashkil etilgan. Universitet zoologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilarining ilmiy izlanish va tadqiqotlari tufayli muzey fondi yil sayin boyib, bugungi kunda 5000 ga yaqin umurtqali hayvon va 10 ming turdagi hasharotdan iborat entomologik kolleksiya yaratilgan.

– Zoologiya muzeyida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ko‘plab hayvonlar, jumladan, Sirdaryo qilquyrug‘i, katta va kichik qilquyruqlar, sudralib yuruvchilardan bo‘z echkemari, O‘rta Osiyo kapcha iloni, qushlardan Zarafshon qirg‘ovuli, qizg‘ish saqqoqush, qizilqanot, oq laylak, qora laylak, boltayutar, sut emizuvchilardan O‘rta Osiyo qunduzi, olako‘zan, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i, Buxoro bug‘usi, arxar, Qizilqum yovvoyi qo‘yi, jayron hamda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi Qizil kitobiga kiritilgan tog‘ qoploni va boshqa noyob hayvonlar eksponatlari saqlanmoqda, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Abdurashid Jabborov. – Turon yo‘lbarsi muzeyning eng noyob ashyolaridan biridir. Bu hayvon 1954-yildan buyon tabiatda ham, hayvonot bog‘larida ham saqlanib qolmaganini inobatga olsak, 1935-yilda Amudaryo to‘qayzorlaridan tutilgan turon yo‘lbarsi eksponati jahonda faqat bizning muzeyimizda borligi oydinlashadi.

Biologiya va kimyo fakultetida ilmiy-pedagogik faoliyatni unumli va samarali tashkil etishda, kelajak avlodning ekologik madaniyatini shakllantirish va ekologik ta’lim-tarbiyani puxta olib borish, jonli tabiatni muhofaza qilishda zoologiya muzeyining o‘rni va ahamiyati nihoyatda katta. 1996-2017-yillarda ushbu muzeyning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnika davlat qo‘mitasi grantlariga sazovor bo‘lgani ham shundan dalolat beradi.

3 (1).JPG

Samarqand davlat universiteti arxeologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan yillar davomida olib borilgan qazishma ishlari va ushbu jarayonda noyob tarixiy ashyolar topilishi 1989-yilda tarix fakulteti qoshida arxeologiya muzeyini tashkil etishga asos bo‘lgan. Mazkur muzeydan o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab universitet arxeolog olimlari tomonidan yurtimizda olib borilgan izlanishlar, ekspeditsiyalar davomida topilgan, sayyoramiz tarixining turli davrlariga oid arxeologik topilmalar o‘rin olgan. Ayni paytda 58 mingdan ortiq ana shunday noyob ashyodan 30 dan ziyod kolleksiya tayyorlangan.

Arxeologiya muzeyi ham universitetning boshqa muzeylari singari, birinchi navbatda, yurtimiz tarixi va madaniyati haqida ma’lumot beruvchi maskan sifatida qadrlanadi. Shuningdek, ilm o‘chog‘i vazifasini bajarib, talaba-yoshlarning tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha boy bilim olishi, sohaga oid ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qiladi, yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini samarali olib borishiga yordam beradi.

– Universitetimiz qanchalik boy tarixga ega ekani, bu yerda ko‘plab akademiklar, fan arboblari, o‘z davrining ulug‘ ustoz va murabbiylari faoliyat ko‘rsatgani haqida ma’lumotga ega bo‘lishda muzeylarning o‘rni beqiyos, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand davlat universitetidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Husen To‘xtayev. – Shu bois talabalikka qabul qilingan har bir yigit-qizning universitet bilan tanishuvi muzeylardan boshlanadi va o‘qish davomida ular bu maskanlarga tez-tez kelib turadi. Ko‘plab ma’naviy tadbirlarni aynan muzeylarda, axborot-resurs markazida va universitetning boshqa tarixiy joylarida o‘tkazamiz. Bu talabalarning yurtimiz tarixi va madaniyati, ajdodlarimiz hayoti va ma’naviy merosi haqidagi bilim va tushunchalarini oshirish, ularda Vatandan g‘urur-iftixor tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
1 337






Все о погоде - Pogoda.uz