O‘zA O`zbek

13.12.2017 18:26 Chop etish versiyasi

Mutasaddilar yoshlar masalalari bilan bog‘liq har bir muammoni joyiga borib o‘ganmoqda

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashi, viloyat hokimligi, viloyat bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi hamda qator tashkilot, muassasalar bilan hamkorlikda sayyor qabullar tashkil etildi.

Qabullarda viloyatning chekka hududlari – Arnasoy, Baxmal, G‘allaorol tumanlaridagi uyushmagan yoshlar, kollej bitiruvchilarining muammo va takliflari ko‘rib chiqildi. Natijada bu hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlarning ish o‘rni, zamonaviy kitob do‘koni va kutubxonalarga ehtiyoji yuqori ekanligi aniqlandi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, tuman hokimliklari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi bu masalalarni hal etishga va’da berdi.

Uchrashuvlar jarayonida ko‘plab yoshlar ish bilan ta’minlandi. Misol uchun, Husniddin Muxtorov Baxmal tumanidagi 18-umumta’lim maktabiga yoshlar yetakchisi sifatida qabul qilindi. G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi Ravshanbek Saidovga esa tegirmon xarid qilib, un mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi kredit ajratishda ko‘maklashadi.

Arnasoy informatika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Zamira Narzullayeva tumanning eng chekka Tuzkon qishlog‘ida istiqomat qiladi. U o‘zi yashab turgan hududida kompyuter va xizmat ko‘rsatish tarmog‘i yo‘qligi shu bois bu xizmatni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi. Bunga javoban “Aloqa bank” viloyat filiali g‘oya muallifiga imtiyozli kredit asosida 5 dona zamonaviy kompyuter ajratadigan bo‘ldi...

Uchrashuvlarda ba’zi hududlar o‘quvchilari ta’lim muassasasiga uzoqdan qatnashi, maxsus transport qatnovi yo‘lga qo‘yilmaganidan norozi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu masala yuzasidan Yoshlar ittifoqi, IIB, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, mahalla xayriya jamoat fondi hamkorlikda tegishli choralar ko‘rilishi belgilab olindi.

Tumanlarda sayyor qabullar davom etmoqda.


Eldor Navro‘zov,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mudiri

O‘zA
9 113