Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 14:45 Chop etish versiyasi

Muruvvat uyida kutubxona tashkil etildi

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida “Oila – ma’naviyat bulog‘i” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Durdona” ma’rifiy loyihasi asosida partiyaning Andijon viloyati kengashi va qator tashkilotlar hamkorligida Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlari deputatlari, partiya va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi mutaxassislari, yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobga qiziqishni oshirish, har bir oilada mutolaa madaniyatini shakllantirish borasidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmoyishi bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, oilalarda, ayniqsa, yoshlar va ayollar o‘rtasida xalqimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, xususan, kitob va kitob mutolaasiga qiziqishni oshirishdir, – deydi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi “Ayollar qanoti” bo‘lim mudiri Umidaxon Isayeva. – Bu yurtdoshlarimizni ezgu ishlarga keng safarbar etish, jamiyatning kitobxonlik darajasini yuksaltirish, oilalardagi ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davra suhbatida farmoyishning mazmun-mohiyati, hayotimizdagi ahamiyati, inson kamoloti va ma’naviyati yuksalishida, yoshlarni turli yot g‘oya va illatlardan asrashda kitob va mutolaaning o‘rni xususida fikr almashildi.

Tadbir doirasida tumandagi Muruvvat uyida partiya viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan jamoatchilik ziyo maskani – kutubxona ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Iste’dodli yosh ijodkorlar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur, o‘qilgan she’r va g‘azallar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 664






Все о погоде - Pogoda.uz