Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 16:53 Chop etish versiyasi

Murakkab amaliyot muvaffaqiyatli o‘tdi

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida Amerika Qo‘shma Shtatlarining CaroMont Heart klinikasi shifokori bilan hamkorlikda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tibbiyot sohasi tubdan isloh qilinmoqda. Tashxis qo‘yish, davolash va jarrohlik amaliyotlari uchun yuqori texnologik apparatlar keltirilmoqda, xorijning yetakchi klinikalari bilan hamkorlik rivojlanmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi ham zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda yurak xastaligi bilan og‘rigan bemorlarda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.

Amerikaning CaroMont Heart klinikasi yetakchi kardiojarrohi Aleks Akbarov ushbu markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi, shifokorlar uchun mahorat darslari tashkil qildi. Yurak xastaligiga chalingan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, murakkab jarrohlik amaliyotlarini olib bordi.

– Qashqadaryolik bemor Juma Teriyevning yuragida qon aylanish faoliyatini tiklash maqsadida aorta koronar shuntlash operatsiyasi o‘tkazildi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi kardiojarrohi Umidjon Murodov. – Bunday jarrohlik amaliyoti shifokorlardan chuqur bilim va yuqori darajadagi aniqlikni talab etadi. Markazimizda amalga oshirilayotgan bu kabi operatsiyalar biz, yosh shifokorlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi bilan CaroMont Heart klinikasi kardiojarrohi Aleks Akbarov o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi. Mazkur hujjat tibbiyot sohasida o‘zaro tajriba almashishni ko‘zda tutadi.

– O‘zbekistonda aholi salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashish, mahalliy shifokorlar bilan tajriba almashish imkoniyati paydo bo‘lganidan mamnunmiz, – deydi A.Akbarov. – Zero, mamlakatingiz shifokorlari keyingi yillarda tibbiyot sohasida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritayotir. Kelishuv doirasidagi o‘zaro hamkorlik ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazish va tajriba almashish imkonini berishiga ishonamiz.

Hozirgi kunda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Daniya va AQShning yetakchi tibbiyot klinikalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarida tadqiqotlar o‘tkazish, markaz faoliyatida ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish, tajriba almashish barobarida yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkonini bermoqda.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
1 216






Все о погоде - Pogoda.uz