O‘zA O`zbek

01.03.2018 14:58 Chop etish versiyasi

Muqobil energiya: qulay va arzon

Muqobil energiya: qulay va arzon Yoqilg‘i-energetika kompleksini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash, elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanishga o‘tish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatining garovi hisoblanadi.

Prezidentimizning 2017-yil 8- noyabrdagi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakat miqyosida energiya tejamkor uslublar va texnologiyalarni joriy qilishda muhim qadam bo‘ldi. Qarorda bino va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda issiq suv ta’minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitgich qurilmalarini o‘rnatish belgilangan. Ayni paytda ushbu qaror asosida ishlab chiqilgan loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Jizzaxda o‘tkazilgan muqobil energiyadan foydalanish masalasiga bag‘ishlangan seminarda bu alohida ta’kidlandi. 

6.JPG

Seminar ishtirokchilariga energiyaning muqobil turlaridan foydanishning afzalliklari va imkoniyatlari to‘g‘risida soha mutaxassislari tomonidan batafsil ma’lumot berildi. Ishtirokchilar qayta tiklanadigan energiya turlaridan foydalanishda amalga oshirilayotgan ishlar, orttirilgan dastlabki tajribalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

Viloyatda muqobil energiyadan foylanayotgan korxonalar unchalik ko‘p emas. Hozirgacha bir necha fermer xo‘jaliklari va issiqxona egalari quyosh engergiyasidan foydalanmoqda.

“Jizzax” maxsus industrial zonasida yiliga 50 ming dona quyosh kollektori (suv isitgichi) ishlab chiqarish quvvatiga ega “THERMO WATER ELECTRIC” korxonasi faoliyat ko‘rsatayotgani muqobil energiyadan foydanishda katta imkoniyat yaratmoqda. 

7.JPG

Seminar doirasida ushbu korxonada ROYAL savdo belgisida ishlab chiqarilayotgan suv isitgich qurilmalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda korxona mutaxassislari quyosh suv isitgich qurilmalarining afzalliklari, mahsulot sifati, sotish, o‘rnatish tartiblari xususida seminar ishtirokchilariga ma’lumot berdi.

– Korxonamizda o‘tgan yilning dekabr oyidan 200, 300, 500, 1000 litr hajmdagi suv isitgich sotuvga chiqarilmoqda, – deydi “THERMO WATER ELECTRIC” mas’uliyati cheklangan jamiyati yetakchi mutaxassisi Alisher Yo‘ldoshev. – Bu qurilmalar suvni quyosh energiyasi yordamida 60 darajagacha isitib beradi. Me’yordagi issiq suvni yetkazib beruvchi bunday qurilmalar iste’molchi uchun qulay. Sarflanadigan kunlik energiya uchun ketadigan xarajatga taqqoslaganda, quyosh kollektorlaridan foydalanish ancha arzon. Bu ayniqsa, elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanmagan chekka qishloq hududlari uchun juda qulaydir.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
11 421