O‘zA O`zbek

06.02.2018 16:06 Chop etish versiyasi

Munosabat: Qo‘mita faoliyati yanada takomillashadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, 2017-yil yanvar-mart oylarida maxsus ishchi guruh a’zolari Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida uyma-uy yurib, xalqning turmushi, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rgandi. Keyinchalik bu tajriba mamlakat miqyosida joriy qilindi.

2017-yil davomida mamlakatimiz bo‘yicha 5 milliondan ziyod oilaga kirildi, o‘n besh millionga yaqin aholi bilan muloqotda bo‘lindi. Minglab muammolar joyida hal etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2-fevraldagi "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Xalq bilan muloqot, oilalarning ijtimoiy-ma’naviy muhitini o‘rganish natijalari real hayotdan uzilib qolganimizni ko‘rsatdi. Murakkab ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, oilasi notinch, ishsiz ayollar, yosh qizlar bilan manzilli ishlash tizimining amalda mavjud bo‘lmagani xotin-qizlar o‘rtasida turli noxushliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Prezidentimiz farmoniga muvofiq Xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyati endilikda to‘rt yo‘nalishda tashkil etiladi. Ayollarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash hamda ularning yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslari, kasanachilik mehnatini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir.

Mazkur farmon bilan qo‘mita faoliyatining samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga Xotin-qizlar qo‘mitasi raislarining bu boradagi javobgarligi kuchaytirilgani mazkur jamoat tuzilmasida mehnat qilayotgan har bir xodimga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi.

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi o‘rniga xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Bu esa oilalardagi haqiqiy ahvolni atroflicha o‘rganish, xotin-qizlar holidan muttasil boxabar bo‘lish, oilaviy ajralishlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Endilikda har bir fuqarolar yig‘inida bittadan, oilalar soni ikki ming va undan ortiq bo‘lgan fuqarolar yig‘inlarida esa ikkitadan ana shunday mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

Farmonga muvofiq ilgarilari Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat ko‘rsatgan "Oila" ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy bo‘linmalari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi Respublika "Oila" ilmiy-amaliy markazi negizida qaytadan tashkil etiladi. Mazkur markaz "Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat" konseptual g‘oyasi asosida faoliyat yuritib, oilaning mustahkamligi, undagi muhitning barqaror va sog‘lomligi, demografiyasi, farovonligi va xotirjamligi bilan bog‘liq masalalarni atroflicha o‘rganib, tegishli uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadi. Oilalar tinchligini ta’minlash, nizoli holatlarning oldini olish, oila-nikoh munosabatlari sohasidagi amaliyotni o‘rganish ushbu markaz faoliyatining asosini tashkil etadi.

Uning joylardagi boshqarmalari huzurida tibbiyot kasb-hunar kollejlari negizida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o‘rgatish, ajralishlarga yo‘l qo‘ymaslik va boshqa masalalar bo‘yicha kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari olib boriladi. Demakki, oila shunday nozik hilqatki, uni asrab-avaylash, himoyalash sohaga daxldor bo‘lgan mutaxassislardan doimiy o‘z bilim va malakasini oshirib borishni talab etadi.

Mazkur hujjat asosida o‘smir qizlar va farzand ko‘rish yoshidagi ayollar uchun oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tuzilmalarida “ayollar maslahatxonalari” tashkil etilib, oilani rejalashtirish, onalar va bolalar salomatligi muhofazasi, reproduktiv salomatlikka oid maslahatlar olish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirkorlik, ishning ko‘zini bilish azaldan ayollarga xos fazilat sanalgan. Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi hamkorligida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining tashkil etilishi ayollar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, nogironligi bo‘lgan ayollar va oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni keng yo‘lga qo‘yishda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilgani minglab qizlarga qanot bag‘ishlayotgan bo‘lsa, endilikda ushbu mukofotga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan qizlar saralab olinishi iste’dod sohibalari safi yanada kengayishiga xizmat qilishi shubhasiz.

O‘zining jamoat ishlarida faolligi, fidoyiligi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘layotgan opa-singillarimizni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Mo‘tabar ayol" ko‘krak nishonining ta’sis etilgani yurtimiz onaxonlarining dilidagi ayni muddao bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur farmon Xotin-qizlar qo‘mitasining yangicha tamoyil va mezonlar, yangi yondashuvlar asosida faoliyat ko‘rsatishida, ayollarga, oilalarga haqiqiy yelkadosh bo‘lishida muhim huquqiy poydevor vazifasini o‘taydi.


Gulnora Ma’rufova,
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi
raisining o‘rinbosari.

O‘zA
8 379