Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 19:23 Chop etish versiyasi

Muloqot madaniyati – tinchlik va taraqqiyot omili

Nukusda fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari uchun “Muloqot madaniyati – oilalar bilan ishlashning muhim omili” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, xotin-qizlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Ibrohimova, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i X.Elmuratov va boshqalar “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi aholi bilan ochiq muloqotni tizimli yo‘lga qo‘yish va xalqning davlat hokimiyatiga ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz rahnamoligida joylarda doimiy muloqot qilish va odamlar duch kelayotgan muammolarni hal etishning zamonaviy mexanizm va samarali usullaridan foydalanish, mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berish tizimini amalda tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda davlat idoralari bilan birga jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham faol ishtirok etayotir.

Seminarda mahallalarda sog‘lom va ma’naviy barqaror muhitni ta’minlashda fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatini yanada takomillashtirishga oid ishlar muhokama qilindi. Oilalar bilan samarali ish olib borishda maslahatchilar muloqot madaniyatining ahamiyati, maslahatchilar va faol xotin-qizlarda muloqot madaniyatini yuksaltirish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

– Tadbirda fuqarolarning qonuniy talab va ehtiyojlari, o‘y-fikrlari, tashabbuslarini doimiy o‘rganish, ishimizni aholi bilan samimiy muloqot asosida samarali tashkil etish borasidagi bilimimizni boyitdik, – deydi Nukus shahridagi “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.Satullayeva. – Oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, fuqarolarning muammolarini joyida hal etishda namunali mahallalarda to‘plangan ilg‘or tajribalar bilan tanishdik.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
3 131






Все о погоде - Pogoda.uz