Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2018 15:20 Chop etish versiyasi

Muhim qonun loyihalari ishlab chiqiladi

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda fraksiya rahbari Narimon Umarov 2017 yildagi faoliyat sarhisobi hamda 2018 yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berdi.

2017 yil davomida fraksiyaning qonun loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan 50 ga yaqin yig‘ilishi o‘tkazilib, ularda 125 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Eng dolzarb qonun loyihalari partiyaning quyi tuzilmalarida, jumladan, boshlang‘ich tashkilotlari faollari, mahalliy kengash deputatlari, ekspertlar hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokamadan o‘tkazildi. Olingan takliflar asosida ishlab chiqilgan partiya saylovoldi dasturi va elektorat manfaatlarini ifodalovchi aniq pozitsiyalar fraksiya yig‘ilishida ilgari surildi. Jumladan, 24 ta qonun loyihasi bo‘yicha joylardan olingan takliflarning 67 tasi parlament quyi palatasining muhokamalarida qonun loyihalarini maromiga yetkazishda hisobga olindi.

O‘tgan yil davomida fraksiya a’zolari 15 ta qonun loyihasiga tashabbuskor bo‘ldi. Shuningdek, 2 ta qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi va qabul qilindi.

Parlamentdagi muxolif sifatidagi vakolatlaridan foydalanib, 2017 yilda fraksiya tashabbusi bilan hukumat tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasining muqobil tahriri ishlab chiqilib, palata muhokamasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 338-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qabul qilinishiga erishildi.

Partiya fraksiyasi nazorat-tahlil faoliyatida ham samarali natijalarga erishdi. Jumladan, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirish agentligi bilan partiya o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanib, aniq maqsadli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi.

Ushbu hamkorlik doirasida fraksiyasi tashabbusi bilan Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri hamda xalq ta’limi vazirining mamlakatimizni barqaror rivojlantirish va modernizatsiya qilish sharoitlarida kadrlar tayyorlashning joriy holatini tahlil etish, jumladan, 11 yillik ta’limni joriy etish, kasb-hunar kollejlarida ta’limni isloh qilish borasidagi dolzarb muammolar to‘g‘risidagi qo‘mita eshituvi tashkil etildi.

Deputatlar tomonidan joylardagi tibbiyot muassasalarining faoliyatini samarali tashkil etishda to‘siq bo‘layotgan muammolar, jumladan, tor soha shifokorlari va dori-darmonlar yetishmasligi, moddiy-texnika bazasining talab darajasida emasligi hamda tez tibbiy yordam xizmatidagi kamchiliklar tahlil qilinib, tibbiyot muassasalarining binolarini ta’mirlash ishlarini tashkil etishda amaliy ko‘mak berildi.

Shuningdek, tibbiyot sohasida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda aholining zamonaviy tibbiy xizmatlardan to‘liq foydalanishini ta’minlash maqsadida “Odam a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Aholining reproduktiv salomatligi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi va joylarda keng muhokamalari bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan yil Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi. Ayni paytda ushbu qonun loyihalari soha mutaxassislari va partiya elektorati orasida keng muhokamalardan o‘tkazilmoqda. Yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan ushbu yo‘nalishda hamkorlik davom ettirilmoqda.

Matbuot anjumanida alohida qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasi va «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi asosida fraksiya tomonidan alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Bunda avvalo sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash, xususan, partiya tashabbusi bilan ko‘p yillik tajriba va izlanishlar asosida ishlab chiqilgan “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”ga qonun loyihalarini yangi tashkil etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tezroq takomiliga yetkazib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish belgilangan.

2018 yilda partiya fraksiyasi tashabbusi bilan advokatlarning konsalting xizmati, ya’ni maslahat berish va tadbirkorlik subyektlariga huquqiy yordam ko‘rsatish borasidagi faoliyatini kengaytirishga qaratilgan “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
6 639