O‘zA O`zbek

16.01.2018 14:03 Chop etish versiyasi

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yurt posbonlari o‘z bilimini sinab ko‘rdi

Toshkent harbiy okrugi hududida joylashgan harbiy qismlarning birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yurt posbonlari o‘z bilimini sinab ko‘rdi.

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test savollarining umumiy soni 100 tani tashkil etadi. Shundan 40 tasi jangovar tayyorgarlik, 20 tasi ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha savollar. Joriy yilgi imtihonlarga matematika va fizika fanlari bo‘yicha 10 tadan test savollari kiritildi. Qolgan 20 tasi mantiqiy savollardan iborat.

Namunaviy test savollarida harbiy xizmatchilarni tayyorlash dasturlari, ular xizmat faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari e’tiborga olingan. Test sinovlari natijalari tegishli tekshiruvdan o‘tkazilgach, harbiy qism qo‘mondonligiga yuboriladi va aynan shu ma’lumotlar muddatli harbiy xizmatchilarni rezervga bo‘shatish jarayonida tavsiyanomalar berishda muhim o‘rin tutadi.

Tegishli nizomga muvofiq, tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga kirishda test imtihonlarida to‘plagan ballining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi. Nomzodlar bunday tavsiyanomani olish uchun jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, harbiy intizom va test sinovlari natijalari bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plashi zarur.

– Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishda muayyan imtiyoz beradigan harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasini olish uchun test sinovida qatnashdim, – deydi namanganlik oddiy askar Sanjarbek Umaraliyev. – Armiya ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan chiniqishimda muhim rol o‘ynamoqda. Test sinovlarida yaxshi natija ko‘rsatib, harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasini olishimga ishonaman.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
11 560