Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2018 12:36 Chop etish versiyasi

Muammoli oilalar bilan ishlash tajribasi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi tomonidan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Huvaydo mahallasida “Muammoli oilalar bilan ishlash tajribasi” mavzuida amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbir qatnashchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 14-fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining 15 fevraldagi “Mahalla institutining yanada samarali faoliyat yuritishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.

“Huvaydo” MFY tajribasi haqida so‘z yuritildi. Rais Ilhomxo‘ja Asadovning aytishicha, mahallada 3 mingdan ziyod odam istiqomat qiladi. Bandlikni ta’minlash maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiq, kasanachilik, milliy hunarmandlik, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik, oilaviy tadbirkorlik hamda ishbilarmonlikning boshqa turlari bilan shug‘ullanishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Hududda bittadan oilaviy poliklinika, maktab, masjid, avtomobil ta’mirlash ustaxonasi, ikkitadan novvoyxona va dorixona, 4 umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 6 do‘kon, 2 ta bolalar o‘yingohi va sport maydonchasi doimiy ishlab turibdi. Mehnatga layoqatli, lekin ishlamaydigan 12 nafar uyushmagan yosh avlod vakilini ishga joylashtirish, sport mashg‘ulotlari va to‘garaklarga jalb etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Hududdagi 169-umumta’lim maktabiga qatnovchi 565, kollejga boradigan 98 va 24 nafar litsey o‘quvchisining davomati qat’iy nazoratga olingan, darsga qatnamayotgan, doimiy kechikayotgan va ta’lim muassasasi ichki tartiblarini buzayotgan bolalarning ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda. Mahallada doimiy ro‘yxatga olingan, ammo yashamayotgan 214 nafar fuqaroning qayerda istiqomat qilayotgani va oilaviy shart-sharoiti ham o‘rganildi. Xorijga chiqib ketgan fuqarolar soni 42 nafar bo‘lib, ular bilan yaqin qarindoshlari orqali doimiy aloqa o‘rnatilgan, hol-ahvoli, nimalar bilan mashg‘ulligi muntazam aniqlab boriladi.

2017-yilda har bir oilaga birma-bir kirib chiqilib, ijtimoiy-ma’naviy muhit o‘rganildi, 5 ta nochor va ehtiyojmand oila imtiyozli kredit olish yo‘li bilan Sergeli tumanida qurilayotgan uy-joy bilan ta’minlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, jumladan, profilaktika inspektori, posbon, maslahatchi bilan samarali hamkorlik tufayli voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilmayapti. 2016-yili umumiy huquqbuzarliklar soni 12 ta, noqobil va notinch oilalar 7 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2017-yilda 2 jinoyat sodir etildi, noqobil va notinch oilalar soni 2 tani tashkil qildi. Diniy ekstremistik oqimlarga moyil 5 nafar fuqaroni imom-xatiblar, ziyolilar va obro‘li shaxslarni jalb etgan holda to‘g‘ri yo‘lga solish, radikal kayfiyatdan xoli qilish, yurtimizda kechayotgan islohotlar jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etildi. Ularga haj va umraga borib kelgan yoki bunday ziyoratlarni amalga oshirish istagida bo‘lgan nufuzli faollar biriktirilgan.

Tadbirda ishtirokchilar mahalla yarashtirish komissiyasi faoliyati hamda mahalla institutiga oid tajriba bilan ham tanishdi. Tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va aholi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan turli savollarga javoblar oldi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
5 878