Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.11.2017 12:02 Chop etish versiyasi

Muammolarni hal etishning muhim omili

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Navoiy viloyati tuman va shaharlarida ham hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq idoralarining hududiy organlari rahbarlari boshchiligida tuzilgan sektorlar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hududlarni kompleks iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish Nizomi hamda “Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan yangi tizimga aholining eng muhim muammo va masalalarini yechish yuzasidan keng vakolatlar berilib, katta mas’uliyat va javobgarlik yuklatilgan.

Har bir tuman va shahar ixtisoslashuvi chuqur tahlil qilingan holda viloyat hududi to‘rt sektorga bo‘lindi. Sektorlar shtabi aholining kelib-ketishiga qulay bo‘lgan joylarda tashkil etildi. Shtablarda joylarda o‘rganilayotgan muammolar, amalga oshirilayotgan ishlar umumlashtirilib, aksariyatiga yechim topilmoqda, yuqori idoralar bilan bog‘liq masalalar tegishli tartibda tavsiya etilayotir.

Navbahor tumanida ham sektorlar tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga joylashtirish, davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini yanada yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan agrotexnik tadbirlarning maqbul muddatlarda tashkil etilishiga amaliy yordam ko‘rsatish, aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish, jumladan, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqasi uchun ajratilgan yerlardan unumli foydalanish doimiy e’tibordagi masaladir. Mahalliy boshqaruv va huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari aholi va yoshlar o‘rtasida turli jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilayotir.

Tuman hokimi Baxtiyor Bobonazarov boshchilik qiladigan birinchi sektorga “Beshrabot”, “Yuqori Beshrabot”, “Qiziloy”, “Qushqochdi”, “Yangihayot”, “Keskanterak”, “Qorajon”, “Yangiobod”, “Kelachi”, “Oqoltin”, “Ko‘hron”, “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inlari biriktirilgan. Sektor rahbari, tegishli korxona va tashkilot mas’ullaridan iborat ishchi guruh ishtirokida har bir mahalla va oilani o‘rganish uchun maxsus jadval ishlab chiqilgan. Ishchi guruh har kuni jadval asosida oilalar, korxona-tashkilotlar, ta’lim va tibbiyot muassasalariga kirib, aholi bilan bevosita muloqot o‘tkazmoqda. Aniqlangan muammolarni o‘rganib, joyida hal etish choralari ko‘rilayotir.

Tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi, davlat soliq inspeksiyasi boshliqlari o‘zlari rahbarlik qilayotgan hududdagi qariyb 30 mahalla sektorida shu tarzda hamkorlikda ish olib bormoqda. Sektor rahbarlari tomonidan har bir mahalla fuqarolar yig‘ini kesimida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ish aniqlangan masalalar bo‘yicha qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik tamoyili asosida tashkil etilayotgani ijobiy samara bermoqda.

Beshrabot mahallasida yashovchi Mo‘mina Inoyatova oilasi ijarada yashar edi. Hokim tashabbusi bilan mahalla hududida barpo etilgan yangilangan loyihadagi 2 qavatli turar joydan 3 xonali uyning boshlang‘ich badal to‘lovi homiylik asosida amalga oshirilib, mazkur oilaga rasmiylashtirib berildi.

– Davlatimiz rahbarining ayniqsa, ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligidan minnatdormiz, – deydi M.Inoyatova. – Ijarada, tor uyda uch oila noqulay ahvolda yashar edik. Mana endi o‘z uyimiz bor. Yangi uyda baxtiyor hayot kechirish uchun barcha sharoit muhayyo.

Tuman hokimi ko‘magi bilan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Oq oltin izvest” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga “Turonbank” viloyat filialidan 3 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Natijada yangi sex tashkil etilib, 30 yangi ish o‘rni yaratildi.

– Loyihani amalga oshirishda biroz moliyaviy muammolar yuzaga kelgan edi, – deydi “Oq oltin izvest” MChJ ta’sischisi Baxtiyor Ro‘ziyev. – Tuman hokimi ko‘magida bu masalaga yechim topildi. Xitoydan zamonaviy texnologiya keltirdik. Ayni paytda sheben ishlab chiqarish seximiz faoliyat boshlash arafasida. Endilikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritib, qadoqlagan holda xorijga eksport qilish loyihasi ustida izlanishlar olib bormoqdamiz.

Sektor tomonidan imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi va protez-ortopediya buyumlari tarqatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 8 nafar kishining bandligi ta’minlandi. Hududda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga alohida e’tibor qaratilib, umumta’lim maktablariga 36 tonna ko‘mir va ko‘mir briketi jamg‘arildi. Mavsumda aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 12 transformator ta’mirlandi. 7 ko‘p qavatli uylarning tom qismi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Beshrabot massivida aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun qariyb 1 kilometr masofaga polietilen quvur tortildi.

Muxtasar aytganda, sektorlar faoliyati mutasaddilar mas’uliyatini yanada oshirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, eng muhimi, mavjud muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
3 051