Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2017 17:47 Chop etish versiyasi

Muammolar tezkor o‘rganilib, joyida hal etilmoqda

...Shanba – 15-aprel. Besh-o‘n daqiqadan keyin Yuqori Chirchiq tumani hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari tomonidan Parkent hamda Yuqori Chirchiq tumanlari aholisi uchun tashkil etilgan sayyor qabul boshlanadi.

Majlislar zaliga biroz vaqtliroq kirganimiz uchun gap gapga ulanib, o‘rta yoshlardagi kishi bilan suhbatlashib qoldik.

– Sayyor qabullarda ko‘tarilgan muammolar, yechimini topgan masalalarni eshitib odam xursand bo‘lib ketadi-ey, – deydi suhbatdoshim yuz-ko‘zi chaqnab. – O‘zim shu yerga yaqin mahallada turaman. Bugun aholi salomatligi, ekologiya bilan bog‘liq muammoni hal qilib berishlarini so‘rab keldim. Xullas, ayrim xonadonlar maxsus chiqindi tashlash joyi bo‘la turib, maktab yonini axlatxonaga aylantirib olgan.

“Tushunayapsizmi, masala qayerda?” deganday bir muddat tikilib, yana davom etdi.

– To‘g‘ri, odamlarga tushuntirdik. Baribir muammo hal bo‘lmayapti-da...

Sayyor qabul boshlandi.

Joriy yilning 14-aprel kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga ikkala tuman aholisidan 4 ming 660 dan ortiq murojaat tushgan. Murojaatlarning 2 ming 900 dan ortig‘i Yuqori Chirchiq tumani aholisidan bo‘lib, bugungi kunda ularning 93,7 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda. Parkent tumani aholisidan tushgan 1 ming 744 murojaatning 1 ming 603 tasi ko‘rib chiqilgan, 141 murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida. Murojaatlar asosan uy-joy, bank-moliya, moddiy yordam, ish haqi va pensiya, sudlarda ishlar ko‘rilishi, obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi, mehnat va bandlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minoti kabi yo‘nalishlar bilan bog‘liq. Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari vakillari, Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq va Parkent tumanlari hokimliklari mas’ul xodimlari mazkur murojaatlarni bevosita muhokama qilishi alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlarida Toshkent viloyati boshqa sohalar bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligida ham katta salohiyat va keng imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidlab, kelgusida hududda meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini keskin ko‘paytirish va ularni eksport qilishni yanada oshirish, chorvachilikni rivojlantirish borasida har bir tuman bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilishini aytgan edi.

– Hudud aholisi murojaatlarini tahlil qilganimizda, ularning ko‘p qismi mehnat va bandlik, ishga joylashish masalalaridan iborat ekani ma’lum bo‘ldi, – deydi Parkent tumani hokimi O‘ktam Alimov. – Prezidentimiz Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda Parkentni uzumchilik sohasida namunaviy tumanga aylantirish taklifini bergan edi. Shu asosda 4 ming 582 gektar yer maydonining loyihasi ishlab chiqilib, tuman aholisiga, fermerlarga belgilangan tartibda bo‘lib berildi. Shu kunlarda bu maydonlarda ish qizg‘in. Bahor oyida 1 ming 50 gektar joyga tok ekish ishlari yakunlanadi. Kuzga borib yana 1 ming 800 gektarda, 2018-yilda qolgan maydonlarda tok ekish ishlari davom etadi. Belgilangan maydonlarda tokzorlar yaratilganidan keyin, aniqrog‘i kelgusi yili 9 ming 800 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Tokzorlar to‘liq hosilga kirgandan keyin bu maydonlarga 34 ming ishchi kerak bo‘ladi. Bu hudud ishsizlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda katta ahamiyatga ega. Bugungi sayyor qabulda fuqarolarga bu va boshqa yo‘nalishlardagi islohotlar haqida ma’lumot berdik, ularni qiynayotgan muammolarni tingladik. Shaxsan o‘z faoliyatimni, tuman mutasaddi idoralari rahbarlari faoliyatini tanqidiy baholab, xalqning ichiga kirib borish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashash zarurligini yanada teran angladik.

Parkent tumanini joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida 126 loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ulardan 21 tasi sanoat, 23 tasi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari, qolgani qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid loyihalardir.

Darhaqiqat, jamiyatda ijtimoiy adolat ta’minlanganda xalqning bunyodkorlik salohiyati, yaratuvchanlikka intilishi ortib, ertangi kunga ishonchi yanada mustahkamlanadi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barcha darajadagi rahbarlarni xalq qalbiga quloq solishga, odamlarning dardini astoydil tinglashga, muammolarini hal etishda amaliy yordam berishga qat’iy da’vat etayotgani, bu borada shaxsan o‘zi o‘rnak bo‘layotgani barchamiz uchun dasturilamaldir, – deydi Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenbay Atemov. – Sayyor qabulda Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga tushgan murojaatlarning asosiy qismi joyida, tuman hokimligi doirasida hal bo‘layotgani bizning bu borada hali qiladigan ishimiz ko‘p ekanini ko‘rsatadi. Biz, avvalo, bu murojaatlarni tahlil qilgan holda, qaysi hududda qanday muammolar ko‘p uchrayotganini ko‘rib chiqdik. Tuman rahbari sifatida joylarda uy-joy, ish haqi, bandlik, sud qarorlari ijrosi, tabiiy gaz, elektr energiyasi ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bank-moliya masalalariga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligini tushundik.

Sayyor qabulda har ikki tuman aholisidan sog‘liqni saqlash masalasiga oid 10 ga yaqin murojaat bo‘ldi. Ularning aksariyati joyida hal qilindi, qolganlari qat’iy nazoratga olindi.

– Parkent tumani Qoraqalpoq qishlog‘idan keldim, – deydi 77 yoshli onaxon Anzirat Mahmudova. – Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga kasallikdan aziyat chekayotganim, davolanay desam, moddiy imkoniyatim yo‘qligini aytib murojaat qilgan edim. Mana, ko‘rdingiz, bugunoq kasalligim bo‘yicha Toshkent shahridagi kasalxonalardan biriga yo‘llanma berishdi, xotirjam bo‘ldim. Buning uchun shunday savob ishlar boshida turgan Prezidentimizdan minnatdorman.

Parkentlik Mahzuna Abdumo‘minova Cho‘lquduq mahallasidagi 10 sotixlik tashlandiq maydonda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, "Go‘zallik saloni" qurish niyati borligini aytdi.

– Yer ajratish, kredit olish masalasida tegishli idoralarga ko‘p murojaat qilib, ijobiy javob ololmagan edim, – deydi M.Abdumo‘minova. – Mana tuman hokimligi va tijorat banki mutasaddilari o‘z tadbirkorligimni boshlashim uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga va’da berdi. Yer ajratish masalasi uch kun ichida hal qilinadigan bo‘ldi.

Yuqori Chirchiq tumani “Bolta” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Turg‘unboy Pirmatovning o‘z yashash manzili yaqinidan o‘tgan serqatnov yo‘lga svetofor o‘rnatishlarini so‘rab qilgan murojaati tuman ichki ishlar idorasi mutasaddilari tomonidan qanoatlantirildi.

...Kun bo‘yi davom etgan sayyor qabul yakunlanganda zaldan chiqayotgan murojaatchilar yuz-ko‘zida mamnunlik va ko‘tarinki kayfiyat uyg‘un edi. Kamina ham shunday kayfiyatda tashqariga yo‘l olar ekanman, haligi mahalla faolini ko‘rib qoldim.

– Muammongiz hal bo‘ldimi? – deb so‘radim undan.

– Ha, hal bo‘ldi, albatta, – tetik javob berdi u. – Aslida men aytgan narsani muammo ham deb bo‘lmaydi. Shu masalani sal jiddiyroq kirishib o‘zimiz hal qilsak bo‘lardi, hatto mahallaga ham aytmay. Rosti, endi shu ish davlat rahbarigacha borib yetganidan o‘zim xijolat bo‘layapman. Har birimiz o‘z ishimizni o‘zimiz, bilib-bilib bajarsak, hammasi o‘z o‘rnida rivojlanib ketaveradi. Ochiq muloqotdan shu xulosani oldim.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 619






Все о погоде - Pogoda.uz