Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 12:55 Chop etish versiyasi

Muammolar joyida yechim topmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining Namangan viloyatida aholi bilan ochiq muloqotlari davom etmoqda.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan parlamentning quyi palatasiga saylangan deputatlar Nodir Muxtorov, Akmal Rahmonov va Shuhrat To‘xtaboyevning To‘raqo‘rg‘on tumani qishloq va mahallalarida o‘tkazgan uchrashuvlarida asosiy e’tibor fuqarolarning murojaatlari asosida mahalliy davlat boshqaruvi idoralari, korxona-tashkilotlar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati tahliliga, ularning joylarda to‘planib qolgan turli muammolarni bartaraf etish borasidagi vazifalariga qaratildi.

Parlament ishchi guruhi rahbari Nodir Muxtorov tuman markazidagi Yangiobod, Sharq, Toshkent, Turkiston, Birlashgan, Isvaxon mahallalaridagi xonadonlar ahvolini atroflicha o‘rgandi. Deputatning oila boshliqlari, keksalar, ayollar, yoshlar bilan suhbati asnosida turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy muammolari va ularning yechimi yuzasidan fikr-mulohaza hamda takliflari umumlashtirilgan holda mahalliy boshqaruv organlari, tegishli davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari oldiga vazifalar qo‘yildi. Natijada ko‘plab yurtdoshlarimizni qiynayotgan muaamolar o‘z joyida hal bo‘ldi.

– O‘n besh yildan buyon xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi Birlashgan mahallasida yashovchi Jo‘raboy Obidjonov. – Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalanib, zamonaviy eshik-romlar ishlab chiqarish sexini kengaytirishga qaror qilgandim. Shu maqsadda mahallamizdagi foydalanilmay yotgan eski bino bizga berilishini so‘rab murojaat qildim. Deputatning ko‘magida mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi qaroriga asosan ushbu bino mebel ishlab chiqarish va ta’mirlash sexi ochish uchun ixtiyorimga berildi. Bu yerda tez orada o‘nga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Partiyaning parlamentdagi fraksiyasi a’zosi Akmal Rahmonov Shahand qishlog‘idagi Bozorboshi, Majnuntol, Qashqarguzar, Bog‘ishamol, Dukat mahallalari aholisi bilan muloqotda bo‘ldi. Unda mamlakatimizda qabul qilinayotgan hujjatlar mazmun-mohiyati, ahamiyati va ularning ijrosi ta’minlanishida jamoatchilik oldidagi vazifalar to‘g‘risida atroflicha tushuncha berildi. Tadbirkorlikni boshlash va uni yuritish uchun bank kreditlaridan foydalanish, issiqxonalar qurish, parranda boqish, limon va yong‘oq daraxtlarini ko‘paytirish orqali qo‘shimcha daromad olish yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.

Deputat Shuhrat To‘xtaboyev Qatag‘onsaroy qishlog‘idagi Toshloq, Saroy, Shovon, Qatag‘on, Katta Qurama, O‘zbekiston mahallalarida bo‘lib, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, turmush sharoitini yaxshilash, odamlarni qiynayotgan muammolar yechimi yuzasidan fikrlashdi. Jumladan, bir qator kam ta’minlangan oilalar a’zolarining tibbiy xizmatga, 100 ga yaqin xonadonning suyultirilgan gaz yonilg‘isiga, boquvchisini yo‘qotgan bolalarning ijtimoiy nafaqaga bo‘lgan ehtiyoji bo‘yicha murojaatlari qondirildi.

Parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini o‘zida aks ettirgan bunday ochiq muloqotlar joylarda haqiqiy ahvolni o‘rganish hamda tegishli rahbarlar hisobotini xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritish tartibini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 109






Все о погоде - Pogoda.uz