Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 21:36 Chop etish versiyasi

Muammolar joyida hal qilinmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlarining sayyor qabullar tashkil etayotgani aholi duch kelayotgan muammolarni joyida hal qilish imkonini bermoqda. Shunday sayyor qabullardan navbatdagisi poytaxtimizning Chilonzor tumanida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq dardu tashvishi bilan yashash bugungi kunning dolzarb vazifasi sifatida qo‘yilganini alohida ta’kidladi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar vakillari joylarda aholi bilan bevosita muloqotda bo‘layotgani buning amaliy natijasidir. Bunday uchrashuvlarda aholini qiynayotgan muammolar hal etilayotgani e’tiborga molik.

Sayyor qabul davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Chilonzor tumani aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 3-aprel kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga mamlakatimiz fuqarolari va tadbirkorlaridan jami 638 ming 148 murojaat kelib tushgan. Ularning 22,7 foizi Toshkent shahrida istiqomat qiladigan fuqarolar tomonidan yuborilgan. Mazkur murojaatlarning 95,6 foizi jismoniy shaxslarga, qolgani yuridik shaxslarga tegishli.

Chilonzor tumani bo‘yicha murojaatlar soni jami 15,5 mingdan ortiq. Ularning 89,1 foizi ko‘rib chiqilgan. Qolgani ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur tumandan tushgan murojaatlar sohalar bo‘yicha o‘rganilganda ularning asosiy qismini uy-joy olish, uy qurish uchun yer ajratish, sud, bank-moliya, fuqarolik, moddiy yordam, pensiya ta’minoti hamda sog‘liqni saqlash, mehnat, bandlik, ta’lim, tadbirkorlik, obodonlashtirish kabi masalalar tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Fuqarolardan kelib tushgan bunday murojaatlar har tomonlama tahlil qilinib, ularning yuzaga kelish sabablari o‘rganildi. Bunda ko‘p hollarda ayrim mutasaddi rahbarlar o‘z vazifasiga loqaydlik va mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu ma’noda, tadbirda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidan ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarishda rahbarlarning burchi va mas’uliyati haqida alohida so‘z yuritildi. Odamlarni hayotdan rozi qilish, ularning qonuniy murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmasdan qisqa muddatda hal qilish davlat idoralari rahbarlarining birinchi darajali vazifasi ekani va ularning faoliyatiga ana shu mezondan kelib chiqqan holda baho berilishiga urg‘u berib o‘tildi.

Sayyor qabul jarayonida fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita tegishli sohalarga mas’ul bo‘lgan rahbarlarga murojaat qilish va ular yuzasidan javob olish imkoniga ega bo‘ldi.

Shu kuni murojaatlarning aksariyat qismi joyida yechimini topdi, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillariga topshiriqlar berildi.

Misol uchun, fuqaro Faxriddin Sharipovga gipospadiya xastaligi yuzasidan shu yerning o‘zida bepul operatsiya uchun order berilishi ma’lum qilindi. Tumandagi 201-maktabda chuqurlashtirilgan xorijiy tillar sinflarini tashkil etish zarurligi yuzasidan Mastura Ortiqova bildirgan taklif o‘rinli, deb topildi. Farzandlarimizning kamolotiga xizmat qiladigan bu masalani hal etishni mutasaddilar o‘z zimmasiga oldi. Fuqaro Maftuna Rajabovaning reklama menejeri sifatida qilgan xizmatlari uchun haq ololmayotgani sud tomonidan ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Fuqaro Navro‘za Rasulova garchi Toshkent shahrida xususiy uy-joyi bo‘lmasa ham doimiy propiskaga qo‘yishni so‘rab qilgan murojaati yuzasidan mutaxassislar belgilangan qonun-qoida bo‘yicha tushuntirish berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahri va Chilonzor tumanidagi Xalq qabulxonalari tomonidan tashkil etilgan sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari rahbarlari, Toshkent shahar va Chilonzor tumani hokimliklari mas’ul xodimlari ishtirok etib, fuqarolardan tushgan savollarga bevosita javob qaytardi. Har bir masala yechimi uchun tegishli soha vakillari javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
465






Все о погоде - Pogoda.uz