O‘zA O`zbek

08.02.2018 12:13 Chop etish versiyasi

Muammoga besh yil bo‘ldi. Yana necha yil kerak?

Qarshi shahar gaz idorasida yuz berayotgan holatlar...
Sarson bo‘lgan Asqar bobo...

Qarshi shahridagi Naxshab mahallasi Jar Ariq ko‘chasi 93-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro, II guruh nogironi Asqar Azizovning ta’kidlashicha, xonadoniga 2013 yil may oyida gaz idorasi nazoratchisi Nodir Umidov ismli shaxs kelib, gazdan qarzdorligi mavjudligini aytib, undan 150 ming so‘m pul talab qiladi. O‘z navbatida, Asqar Azizov unga pul davlatga to‘langani to‘g‘risida kvitansiya taqdim qilsagina so‘ralgan pul berishini aytadi. Nazoratchi indamay ketadi. Keyin bilsa, nazoratchi kelgan paytda gazdan noqonuniy foydalanayotgani to‘g‘risida dalolatnoma tuzib, jarima yozib ketgan ekan. A.Azizov bu tuhmat ekani va xonadonida hech qanday noqonuniy ulanishlar yo‘qligini bildirib, shahar gaz idorasi boshlig‘iga ariza bilan murojaat qiladi. Ammo javob ololmaydi. Hatto rahbar qabuliga kirish uchun bir necha bor qilingan urinishlari ham ish bermaydi. Bu orada nazoratchi Nodir Umidov ishdan ham bo‘shab ketadi. Masala shundayligicha ochiq qolaveradi. A.Azizov esa bo‘ynidagi jarimani olib tashlash yo‘lini qila olmaydi. 

Hech ilojsiz qolgach, 2015-yilda prokuraturaga murojaat qiladi. Shundan so‘nggina gaz idorasi vakillari harakatga tushib qolishadi. Prokuror huzurida A.Azizovga nisbatan jarima anglashilmovchilik tufayli noto‘g‘ri qo‘llanganini aytib, fuqaroning uyida tekshiruv o‘tkazib, qaytadan dalolatnoma tuzib, hech qanday noqonuniy harakat yo‘qligini bildiradi va qarzdorligi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma ham beradi. Asqar bobo adolat tiklanganidan o‘zida yo‘q xursand edi. Shuncha yugurganlari zoye ketmaganini farzandlariga bot-bot ta’kidlab, intilsang, harakat qilsang, hamma narsaga erishish mumkin ekan, deb aytib yuradi. Ammo bu xursandchilik ikki yil davom etadi, xolos. O‘tgan yili Majburiy ijro byurosi vakillari kelib, 500 ming so‘m jarima to‘lashi lozimligini aytishganda, Asqar boboning "boshidan hushi uchdi". Axir, bu qanaqasi, hammasi hal bo‘lgan edi-yu, degancha qolaveradi. Yana shahar gaz idorasiga boradi, ammo u yerdagilar biz qabul qila olmaymiz, majburiy ijroga boring, deydi. Majburiy ijro byurosiga borsa, to‘lab qutilasiz, deydi. Xullas, Asqar bobo xujjatlarini ko‘tarib, idorama-idora sarson. Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatlari ham ish bermayapti... 

Mulohaza o‘rnida aytish joizki, balki Asqar Azizov nohaqdir. Bundan 5 yil oldin to‘ldirilgan dalolatnomada ko‘rsatilgan noqonuniy harakatlar rostdan ham kuzatilgandir. Bu yog‘i bizga qorong‘u. Lekin gaz idorasi xodimlari shuncha paytgacha nega iste’molchiga xabar berishmagan? Agar rostdan ham jarima qonuniy bo‘lsa, 2015 yilda noqonuniy harakat yo‘q, qarzdorligi ham yo‘q degan, ma’lumotnoma bergan? Xo‘p, ma’lumotnomani bergan ekan, nega qo‘yilgan jarimani olib tashlamagan? 

Shunday savollar bilan Qarshi shahar gaz idorasiga murojaat qilganimizda tayinli javob ololmadik. 

Aslida, bugungi taraqqiy etgan zamonda bir soatdayoq hal etilishi mumkin bo‘lgan ish uchun bir insonni 5 yildan buyon ovorayu sarson qilish to‘g‘rimi? Balki, iste’molchining adolat talab qilib, o‘z huquqini himoya qilishga urinayotgani gaz idorasidagilarga yoqmayotgandir? Tag‘in bilmadik. Agar iste’molchi ayb qilgan bo‘lsa, tegishli tartibda albatta javobini bersin. Gaz idorasi xato qilgan bo‘lsa, tuzatsin. Kimdir qilgan xato uchun fuqaroni yillab ovora qilish hech qaysi talablarga mos kelmaydi. 

Mavzuga hali yana qaytamiz.

O‘lmas Barotov, O‘zA
7 784