Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 16:13 Chop etish versiyasi

Muammo tanqiddan so‘ng yechiladi...mi?

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov Navoiy viloyatida bo‘lib, yoshlar hayotida uchrayotgan muammolarni o‘rgandi. Xususan, afv etilgan yoshlar bandligini ta’minlash, “Jasorat” klublari faoliyatini rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar tahlil qilindi.

Karmana tumani kengashida yoshlar yetakchilari, “Kamalak” sardorlari bilan samimiy suhbat tashkil etildi. Avvalo, yoshlar yetakchisiga qo‘yilayotgan talablar, taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida keng ma’lumot berildi. Ularning faoliyatida uchrayotgan muammolar ochiq muhokamaga qo‘yildi.

Masalan, tumandagi 15-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Asadbek Muyassarov o‘zi tahsil olayotgan muassasada jismoniy tarbiya darslari uchun sharoit yo‘qligi, hatto futbol yoki basketbol to‘plari berilmasligi haqida kuyinib gapirdi. Maktab ma’muriyati mazkur masalaga jiddiy e’tibor qaratmagani qattiq tanqid qilindi. Muammo zudlik bilan bartaraf etiladigan bo‘ldi.

Viloyatda yoshlarning ijtimoiy kayfiyatini o‘rganish, mavjud muammolarni bartaraf etish, tizim faoliyatiga amaliy ko‘mak berish maqsadida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Navoiy va Zarafshon shaharlarida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etilgan uchrashuvlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, jazodan ozod etilgan yoshlarni o‘qish yoki kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Jazo muddatini o‘tayotgan aksariyat yoshlar qilmishidan pushaymon. Sog‘lom hayotga qaytishni ich-ichdan istashadi.

Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 400 dan ziyod yoshlar mehnat qilmoqda. Ularning manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti faoliyat yuritmoqda. 30 dan ortiq yoshlar xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytgan. O‘rganish davomida tashkilotning maqsad va vazifalari har bir yoshning faoliyatida aks etishi lozimligi borasida yetarli darajada amaliy ko‘mak berildi.

Zarafshon shahridagi 4-umumta’lim maktabi yoshlar yetakchisi Araylim Risbekova ta’lim maskanida qozoq tilidagi adabiyotlar yetishmasligini ta’kidlab, badiiy kitoblarni ko‘paytirish taklifini bildirdi. Muassasada “Davomat filtri”ni tashkil etish natijasida yoshlarning sababsiz dars qoldirishini keskin kamaytirish hamda doimiy ravishda dars qoldirgan o‘quvchilar ro‘yxatini shahar sardorlariga muntazam ravishda taqdim etish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Shuningdek, shahardagi 8-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Suhrob Ergashev umumta’lim maktabida sinovdan o‘tkazilgan “Yoshlar ittifoqi bilimdoni” intellektual o‘yinining viloyat va mamlakat bosqichlarini tashkil etish bo‘yicha taklif bildirdi.

N.Rahimov, O‘zA
4 804