Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 15:56 Chop etish versiyasi

Muallimalar doimiy e’tiborda

Samarqand shahridagi 29-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Amira Ahrorqulova ikkilana-ikkilana ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi shahar kengashiga yurtimizdagi sanatoriylardan biriga yo‘llanma so‘rab murojaat qildi.

– Ikkilanganimning boisi o‘qituvchilarga odatda yozgi ta’til vaqtida yo‘llanma beriladi, – deydi A.Ahrorqulova. – Qolaversa, xohlovchilar ko‘p, ancha vaqt navbat kutish kerak, degan gaplarni ham eshitgandim. Yo‘q, hammasi oson bitdi. Kerakli hujjatlarni taqdim etgan edim, “Turon” sihatgohiga yo‘llanmani qo‘limga tutqazishdi. Bayram oldidan bu men uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi...

Samarqand viloyatidagi ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tashkilotlari a’zolarining ko‘pchiligi xotin-qizlardir. Bu mutasaddilardan o‘z vazifasiga alohida e’tibor bilan yondashish, ta’lim muassasalari, madaniyat maskanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar uchun munosib mehnat va dam olish sharoiti yaratish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash yuzasidan ish beruvchilar bilan hamkorlikda ish olib borishni taqozo etadi.

– Bugun tizimdagi barcha korxona va tashkilotlarda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarimiz mavjud, – deydi Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Samarqand viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Iftixor Rahimov. – Ishchi-xodimlar manfaatini himoya qilish, ular uchun zarur sharoit yaratish maqsadida ish beruvchilar va boshlang‘ich tashkilotlarimiz o‘rtasida jamoa shartnomalari tuzilgan. Ushbu huquqiy hujjatlarda mamlakatimiz va xalqaro mehnat qonunchiligi me’yorlaridan kelib chiqib, ayniqsa, xotin-qizlar uchun munosib ish va dam olish sharoiti yaratish, ularni tibbiy-ijtimoiy muhofaza qilish, rag‘batlantirish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilgan. Bu vazifalar ijrosi doimiy ravishda monitoring qilib boriladi.

Yosh bolali, homilador ayollar, boquvchisini yo‘qotgan oila bekalariga ish beruvchilar bilan birga, kasaba uyushmalari tomonidan ham zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Xususan, yaqinda Pastdarg‘om tumani kengashi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj 15 xotin-qizga moddiy yordam berildi. Xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning oila va jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash maqsadida turli ko‘rik-tanlov, sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. Jumladan, kasaba uyushmalari tashkilotlari tizimida an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “O‘z kasbining mohir egalari” tanlovida ham Pastdarg‘om va Oqdaryo tumanlaridagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari Z.Musurmonova, D.Mamasharipova munosib rag‘batlantirildi. Barcha tuman va shaharlarda “Kitobxon oila”, “Sportsevar oila” kabi tanlovlar tashkil etilmoqda.

– O‘tgan yili tizimda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish, moddiy qo‘llab-quvvatlashga 22 million 400 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan edi, – deydi ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand shahar kengashi raisi Baxtiyor Namozov. – Joriy yilda ushbu yo‘nalishga 31 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘ asosan, kasaba uyushma a’zolariga moddiy yordam, sovg‘a-salom berish, turli tadbirlar uyushtirishga yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, xodimlarga salomatligini mustahkamlashi uchun yurtimizdagi sihatgohlarga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilmoqda. O‘tgan yili tizimdagi 220 kishiga, jumladan, 124 nafar xotin-qizga shunday yo‘llanmalar berildi. Bu yil hozirgacha 24 nafar opa-singillarimiz sanatoriy yo‘llanmalarini oldi. Ayni paytda barcha ta’lim muassasalari, tashkilotlardagi boshlang‘ich tashkilotlarimiz ish beruvchilar bilan birga 8-mart bayrami munosabati bilan xotin-qiz xodimlarni rag‘batlantirish choralarini ko‘rmoqda. Ushbu ezgu ishga shahar kengashi ham o‘z hissasini qo‘shish maqsadida 1000 dan ortiq a’zolarga bayram sovg‘alari ulashishni rejalashtirganmiz.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 236






Все о погоде - Pogoda.uz