O‘zA O`zbek

13.07.2018 19:57 Chop etish versiyasi

Mirzaobod tumanida maktabgacha ta’lim muassasalarining ahvoli qanday?

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 16 maktabgacha ta’lim muassasasida 1 ming 785 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Jahongir Yorbekovning ta’kidlashicha, yaqinda 2013 yilda faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan 4-maktabgacha ta’lim muassasasi tubdan qayta ta’mirdan chiqarilgan. “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 1 davlat sherikchiligi ishtirokidagi xususiy va 1 davlat maktabgacha ta’lim muassasasi yangidan qurilib, foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 2019 yilda tumandagi 8 maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilinadi.

Tumanda maktabgacha ta’lim yoshida bo‘lgan bolalar soni salkam 9 ming nafar.Ularni to‘liq qamrab olish uchun o‘rtacha 170-180 o‘rinli yana 30-35 maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lishi shart. Demak, bu nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan masala.

Mavjud maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi ham maqtanarli darajada emas.

– Xalq ta’limi tizimidan maktabgacha ta’lim muassasalariga qolgan moddiy-texnik baza yaxshi emas, – deydi J.Yorbekov. –Tarbiya muassasalarida o‘quv qo‘llanmalari, zarur uskunalar, jihozlar, qattiq va yumshoq mebellar yetishmaydi. Binolarning atrofi maxsus to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Bolalarga ta’lim-tarbiya berayotgan 160 dan ortiq xodimning bor-yo‘g‘i 16 nafari oliy ma’lumotli, xolos. Bu raqamlar sohaga oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash masalasi ham dolzarb ekanini ko‘rsatadi.

Muammolardan yana biri tumandagi 16 maktabgacha ta’lim muassasasining birortasi o‘z sport zaliga ega emasligidir. Afsuski, bu kabi hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar boshqa tumanlarda ham mavjud.

Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish eng muhim vazifa. Zero, mamlakat taraqqiyoti va kelajagi bevosita bugungi bolalarning ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
3 100