Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2017 21:50 Chop etish versiyasi

Miroslav Yencha: O‘zbekiston xalqaro miqyosda alohida o‘ringa ega

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan olti oy o‘tib – 1992-yil 2-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan. Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash, ekologiya, ta’lim, madaniyat, turizm kabi ko‘plab sohalardagi o‘zaro hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda.

Mamlakatimizda BMTning bir qator tuzilmalari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Bolalar jamg‘armasi, Aholishunoslik jamg‘armasi, Taraqqiyot dasturi, Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi kabi tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatayotir.

O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosati, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari BMT faoliyatiga hamohangdir. Mazkur nufuzli xalqaro tashkilot Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha mamlakatimizning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni, hamkorlikdagi faoliyati haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillardanoq o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘lini aniq belgilab olgan. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mamlakatingiz jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi uchun buyuk ishlar qildi. O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda Yadro qurolidan xoli hudud barpo etildi. U Orol muammosiga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratdi.

O‘zbekiston, xususan, Toshkentning betakror tarovati meni o‘ziga hamisha rom etib kelgan. Bu yerda o‘zimni uyimdagidek his qilaman. Toshkentda bir necha yil yashaganman. Shu bois mamlakatingizda turli sohalarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib boraman. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashib mamlakatingiz kelajagi buyuk ekaniga, O‘zbekiston xalqining turmush farovonligi muttasil yuksalib borishiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi mamlakatingiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, xalq farovonligini oshirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yil O‘zbekistonda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Ana shu muloqotni amalda yo‘lga qo‘yish, inson manfaatlarini ta’minlash maqsadida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etildi. Bu g‘oya, bu tizim aholi turmush farovonligi yanada yuksalishini ta’minlaydi.

O‘zbekistonning BMTga a’zo bo‘lganiga 25-yil to‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvimiz aynan shu kunga to‘g‘ri kelganida ham ramziy ma’no bor. O‘zbekiston BMTda alohida o‘rin tutadi. Mamlakatingiz bundan keyin ham tashkilotimiz doirasida dolzarb masalalar yuzasidan muhokamalarda faol ishtirok etishi, mintaqaviy va global masalalarni hal etishga munosib hissa qo‘shishiga ishonaman. O‘zbekiston bilan hamkorligimiz izchil davom etishini alohida ta’kidlamoqchiman.

Bekzod Hidoyatov, O‘zA
1 082






Все о погоде - Pogoda.uz