Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.05.2018 12:26 Chop etish versiyasi

Mirishkorlik usta mirishkor

Mirishkorlik usta mirishkor
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida yerlardan, ayniqsa, tomorqadan unumli foydalanishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Buni tumanning Mirishkor mahallasidagi obodlik, ko‘kalamzorlashtirish, shaxsiy tomorqaga bo‘lgan e’tibordan ham ko‘rish mumkin.

– Odamlarning tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgardi, – deydi Mirishkor mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Hilola Ahmedova. – Mahallamizdagi aholi tadbirkorlik, ishbilarmonlikni yaxshi o‘zlashtirmoqda.Bir parcha yer topsa, urug‘ qadaydi. Mo‘l hosil oladi. Bozorga olib chiqib sotadi, muhimi, nimadir qilayapti, intilayapti. Shundan hayoti farovon, dasturxoni to‘kin...

Mirishkor qishlog‘ilik Davron bobo Ochilov ham bir parcha yerni xazinaga aylantira olgan ishbilarmonlardan. Yoshi 80 dan oshgan bo‘lishiga qaramay, shijoati zo‘r, ishtiyoqi baland. 16 sotixtomorqasida 100 tupga yaqin tok, 100 tup bodom va har xil mevali daraxtlarni parvarishlamoqda. Ana shu bog‘dan yiliga 3 tonnaga yaqin uzum, 300 kilogramm atrofida bodom olar ekan. Otaxonning mo‘l hosil olish uchun qo‘llaydigan usullari ham antiqa. Masalan, “mix qoqish” usuli, ya’ni u qish faslida har bir daraxtning ildiziga turli hajmdagi mixlarni qoqib chiqar ekan. Shuningdek, “bolta urish” usuli ham bor. Bunda bog‘bon boltani dast ko‘targancha, jahl bilan yaxshi hosil bermayotgan daraxt yoniga boradi-da, chopmoqchi bo‘lib, tubiga qarata ikki marta qattiq-qattiq zarba beradi. Uchinchi zarbani berayotganda xotini to‘xtatib qoladi. Xotinining gapiga “ilojsiz” rozi bo‘lgan bog‘bon “hujum”ni to‘xtatib: “Mayli, yashasin, agar bu yil ham hosil bermasa, aniq chopib tashlayman”, deydi. Bu yo‘l qo‘llanilgandan so‘ng “chorasiz” qolgan daraxt yo hosil beradi, yo o‘tin bo‘ladi...

Bog‘ning asosiy qismini tok bilan bodom tashkil etadi. Buning sababini Davron ota shunday izohlaydi:

– Uzum bilan bodomning insonga foydasi juda katta, ham xaridorgir. 17 nafar farzandim, 90 dan ziyod nabiram, chevaralarim bor. Bog‘dan olingan hosilni ham oilaviy teng baham ko‘ramiz. Ortganini esa sotamiz. Daromadidan to‘y-ma’raka qilamiz. Nevara-chevaralarga sovg‘a-salom deganday...

Bog‘dagi har bir qarich yerdan unumli foydalanilgan. Bodomzor ostidagi yerga chorva uchun beda,uzumzorlar orasiga esa piyoz ekilgan. Hozir piyoz urug‘ solib, pishish arafasida. Ulardan yiliga 100 kilogrammgacha qimmatbaho urug‘ olinar ekan. Ayni paytda bozorlarda piyoz urug‘ining narxi 50-60 mingdan kam emas.

– Piyozning mehnati ko‘p, – deya fikrini davom ettiradi qahramonimiz. – Uni ekishdan oldin yer unumdorligini oshirish lozim. Buning uchun pori ko‘proq solinib, yer ikki-uch marta chuqur ag‘dariladi. Hosil yetilguncha 4-5 marta o‘toq qilinib, suv beriladi. Shunda urug‘lar sifatli bo‘ladi.

Ha, Davron boboning omilkorligiga qoyil qolsa arziydi. Joriy yil hovlisida bir sotixlik issiqxona qurib, 10 tup limon ham ekibdi. Nasib etsa, bobo bu yo‘nalishda ham barchaga o‘rnak bo‘lgulik ishlarni maqsad qilgan. Bundan tashqari, bobo chorvachilik bilan ham shug‘ullanar ekan. Bu borada otaxonning o‘ziga xos jaydari hisob-kitobi bor. Har biri kuniga 10-15 litrdan sut beradigan 3 sog‘in sigir sutidan uskuna yordamida 4 litr qaymoq ajratib olinadi. Qaymoqdan esa 3 litr sariyog‘ tayyorlanadi. Bozor narxida sotilganda bir kunlik sut va sut mahsulotlarining o‘zidan 75-80 ming so‘m mablag‘ oila byudjetiga kirib keladi.

Yana bir qiziq tomoni, oilada o‘simlik yog‘i umuman iste’mol qilinmas, uning o‘rniga faqat mahalliy usulda tayyorlangan sariyog‘dan foydalanilar ekan. Davron buvaning turmush o‘rtog‘i Halovat aya Hamidovaning ta’kidlashicha, sariyog‘ – doriyog‘ bo‘lib, juda quvvatlidir. Shu tarzda yog‘ga sarflanadigan pul iqtisod qilib qolinadi. Yig‘ilib-yig‘ilib mashina olinadi, to‘y qilinadi, uy-joy quriladi boshqa ezgu maqsadlarga ishlatiladi...

Darhaqiqat, tumanda Davron Ochilov kabi tadbirkor, ishbilarmon insonlar ko‘p. Ular amalga oshirgan ishlarni ko‘rganda, eshitgandako‘nglingda ezgu tuyg‘ular mavjlanadi. Quvonib ketasan. Xalqimiz chindan ham zahmatkash, yaratuvchandir.


O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA
1 883