Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 20:00 Chop etish versiyasi

3 ming 923 ariza, shikoyat va taklif qanoatlantirildi

3 ming 923 ariza, shikoyat va taklif qanoatlantirildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatidagi Xalq qabulxonalariga o‘tgan davr mobaynida fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi subyektlardan 15 ming 851 ariza, 2 ming 185 shikoyat, 158 taklif kelib tushgan. Ularning 3 ming 923 tasi qanoatlantirilib, 613 tasi rad etilgan. 11 ming 914 tasiga tushuntirish berilib, 1 ming 744 tasi tegishli tartibda o‘rganib chiqilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari, turli vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabullarda ham aholining ko‘plab murojaatlari o‘rganilib, aksariyati joyida hal etildi.

G‘uzor, Nishon va Dehqonobod tumanlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va joylardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotda Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, tumanlar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Aholidan kelgan murojaatlar sohalar bo‘yicha o‘rganilganda, ularning asosiy qismi uy-joy olish, uy-joy qurish uchun yer ajratish, moddiy yordam, ish haqi, pensiya, bolalar nafaqasi, bank-moliya, soliq, sud va sud qarorlari ijrosi, bandlik, kommunal xo‘jaligi, yo‘llarni ta’mirlash, ta’lim va tibbiyot sohalari, elektr, gaz ta’minoti, transport va yo‘lovchi tashish xizmatlari, tadbirkorlikka oid masalalar ekani ayon bo‘ladi.

G‘uzor tumanidagi Eshonquduq transport kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda har bir murojaat diqqat bilan tinglanib, ularni hokimlar, masalaga daxldor boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aksariyat murojaatlarda keltirilgan inson huquqlarining buzilishi holatlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o‘z joyida hal etildi. Ma’lum muddat, ya’ni atroflicha o‘rganish taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar, murojaat egalariga huquqiy tushunchalar berildi.

– Nishon tumanidagi 23-umumta’lim maktabida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi bo‘lib ishlayman, – deydi Bahrom Bozorov. – Qishlog‘imizda ilmga chanqoq yoshlar ko‘p. 82 nafar yosh tuman markazidagi kasb-hunar kollejlariga qatnab o‘qiydi. Ular kollejga borish uchun ancha vaqt va mablag‘ sarflaydi. Bu muammo ko‘pchilik oilalarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois o‘quvchilarga birorta avtobus ajratilishini so‘rab, Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga murojaat qilgan edim. Bugungi sayyor qabulda bu muammo yechimini topadigan bo‘ldi. Tuman hokimining o‘zi bu masalani chuqur o‘rganib, hal etib berishga va’da qildi.

– Qishlog‘imiz cho‘l hududda joylashgani bois ichimlik suvi doim muammo bo‘lib kelgan, – deydi Dehqonobod tumani Otqamar qishlog‘idan Kenja Jumayev. – Qishlog‘imizda 4 mingga yaqin aholi yashaydi. Shuncha odam 40 kilometr masofadan tortib kelingan quvurdan suv ichardi. Ammo keyingi paytlarda quvurning yuqori qismida noqonuniy suv olishlar nihoyatda ko‘payib ketgani uchun qishlog‘imizga suv kelmay qoldi. Hozir suvni qimmat narxda maxsus mashinalarda tashib keltiryapmiz. Bu muammo yuzasidan bir necha yil davomida murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi. Hech biridan ijobiy javob ololmadik. Oxiri Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga murojaat qildik. Bugun sayyor qabulda mutasaddilar dardimizni eshitib, ichimlik suvi muammosini hal etib beradigan bo‘ldi.

– Bir necha yil avval yaxshi niyatlar bilan tadbirkorlikni boshlagan edim, – deydi g‘uzorlik Shohrux Salimov. – Farmatsevtika mutaxassisi bo‘lganim bois ijaraga joy olib, xususiy dorixona ochdim. O‘zimni biroz tiklab olgach, yer olib bino qurishni maqsad qildim. Bundan uch yil avval tuman markaziy shifoxonasiga yaqin joydan bir sotixga yaqin yer olib, belgilangan tartibda rasmiylashtirdim. Keyin bino qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlab yubordim. Ammo o‘sha mahallada yashaydigan bir guruh fuqarolar bunga qarshi chiqdi. Yoz-yoz boshlandi. Ish sudda ko‘rilib, mening foydamga hal bo‘ldi. Yana ishni boshladik. Biroq yana shu holat takrorlandi. Yana qurilish to‘xtadi, yana sud, yana mening foydamga chiqarilgan qaror... Ishonasizmi, uch yildan buyon ahvol shu. O‘tgan davrda 11-marta sud majlisi bo‘ldi va hammasi mening foydamga qaror chiqardi. Lekin, ahvol o‘zgarmayapti. Shu bois Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Mas’ullar muammoni o‘rganib, adolatli qaror chiqarishga va’da berishdi. Umid qilamanki, bu gal ishlar yaxshi tomonga o‘zgaradi.

Xuddi shunday sayyor qabullar Shahrisabz va Chiroqchi tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi. Sayyor qabullar davomida imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga nogironlik aravachasi va tikuv mashinalari hadya qilindi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
1 176






Все о погоде - Pogoda.uz