O‘zA O`zbek

24.04.2018 10:34 Chop etish versiyasi

Milliy raqs va xoreografiyaning dolzarb masalalari

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida “O‘zbekistonda milliy raqs va xoreografiya ta’limining dolzarb masalalari” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Yurtimizda nomoddiy madaniy merosning o‘ziga xos va betakror turi – milliy raqs san’atini asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda milliy raqs va xoreografiya san’atining ko‘p asrlik tarixi va boy an’analarini o‘rganish, uning bebaho va betakror xususiyat va maktablari, an’analarini saqlab qolish, mazkur sohada samarali ijod qilgan san’atkorlar faoliyatini targ‘ib etish muhim ahamiyatga ega.

Ilmiy-amaliy anjumanda milliy raqs va xoreografiya ta’limi sohasida o‘quv rejalari va dasturlarini zamon talablari asosida shakllantirish, yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish, bolalar musiqa va san’at maktablari hamda madaniyat va san’at kollejlari pedagog va konsertmeysterlarining malakasini oshirish kabi masalalarga doir muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida soha mutaxassislari tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Eng yaxshi deb topilgan ma’ruzalarning mualliflariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 219