Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 17:10 Chop etish versiyasi

Milliy qadriyatlarimiz ko‘zgusi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida bayramning tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizning mohiyati, ahamiyatini keng yoritish, Navro‘zning ruhi va falsafasida o‘z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj kishilarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq tadbirlar o‘tkazish va xayriya ishlarini amalga oshirish lozimligi qayd etilgan.

Shu munosabat bilan mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalarida, idora va tashkilotlarda bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ham Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan san’atkorlar, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida “Navro‘z – milliy qadriyatlarimiz ko‘zgusi” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Yaratuvchilik, yasharish, yangilanish singari ezgu va hayotbaxsh g‘oyalarni o‘zida mujassamlashtirgan Navro‘z juda qadimiy va barhayot qadriyat sanaladi. Asrlar davomida xalqimiz diliga yaxshilik, ezgulik, mehr-muruvvat g‘oyalarini singdirib kelayotgan bu fusunkor bayram ruhiy poklanish tantanasi hamdir.

Mazkur ayyomning xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va roli tobora ortib borayotir.

– Navro‘zi olam o‘lkamizga qadam qo‘yishi bilan har birimiz yon-atrofimizdagi mavjudotning uyg‘onishi, kurtaklar va gul-chechaklar ochilishi, yeru ko‘k bag‘rida yuz berayotgan o‘zgarishlardan, bahor nafasidan bahramand bo‘lamiz, ona tabiatning bir qismi ekanimizni chuqur his qilamiz, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bosh mutaxassisi Sunnatilla Sabohiddinov. – Ayni shu pallada tabiat bilan uyg‘un va mushtarak bo‘lib, bu osuda hayotning har bir daqiqasini qadrlaymiz. Bunday ajoyib lahzalarda millati, tili, dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, har qaysi oila shodu xurramlikda bahorga, ko‘klamga peshvoz chiqadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 415






Все о погоде - Pogoda.uz