O‘zA O`zbek

07.03.2018 19:30 Chop etish versiyasi

Milliy aviakompaniya imtiyozlari. Ma’lumot olish mashaqqati

Milliy aviakompaniya imtiyozlari. Ma’lumot olish mashaqqati O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, mamlakatda ichki turizm istiqbollari haqida gapirganda, bir qator amaliy sa’y-harakatlarni, yaxshi natijalarni sanash mumkin. Ulardan biri rasmiy bayramlarda dam olish kunlari muddati uzayganida namoyon bo‘ladi.

Yaxshi bilamiz, Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘zbekistonliklar 5 kun dam olish imkoniga ega bo‘ldi. Bundan maqsad: xalqimiz bayramni munosib qarshilashi, yasharish va yangilanish faslida yaqinlari holidan xabar olib, tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlarni ziyorat qilishi, oilaviy sayohatga chiqishi uchun sharoit yaratishdir.

Bu jarayonda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK ham munosib ishtirok etmoqda Xabaringiz bor, milliy aviakompaniya bayram kunlari mamlakat bo‘yicha ichki reyslarda 50 foizgacha chegirmalar e’lon qildi.

Mazkur chegirmalar va reyslarning tashkil etilishi bilan bog‘liq savollarga javob olish maqsadida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK axborot xizmatiga murojaat qildik.

Kompaniya bosh direktorining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Umid Husanov xabariga ko‘ra, bayram kunlari, ya’ni 5 kun davomida 72 ichki reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning eng ko‘pi Urganch, Buxoro va Samarqand shaharlariga yo‘naltiriladi.

Shu kunlarda ichki aviaqatnovlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Hozirdan dam olish kunlari uchun chiptalar sotib bo‘lindi hisob. Bu holat inobatga olingan holda, milliy aviakompaniya shaharlararo yana 12 qo‘shimcha reysni joriy etishga qaror qilgan.

Tafsiliy chekinish: Ma’lumot olingunga qadar

Kompaniya axborot xizmatiga qo‘ng‘iroq qildik. O‘zini Ma’mura Ummatqulova, deb tanishtirgan xodim bilan bog‘landik. Maqsadimizni eshitdi, bog‘lanish telefonimizni oldi, o‘zi xabar qilishi haqida aytdi. Biz kutdik.

Biroz vaqtdan so‘ng qo‘ng‘iroq qilib, savollarimizni yetkazishni (masalan, telegramm kanali orqali), uni kompaniya mas’ullariga berishini, tartib shunaqaligini, keyin ular javobini bizga ma’lum qilishini aytdi. Biz jo‘natdik.

M.Ummatqulovadan javob keldi. Mana u: +99890998**** Umid Abrorovich Xusanov (Milliy aviakompaniya Bosh direktorining o‘rinbosari).

Tushunishimizcha, Umid Abrorovichga qo‘ng‘iroq qilishimiz kerak. U kishi bu ma’lumot bizga nima uchun kerakligi haqida juda qiziqdi va yig‘ilishga kirib ketishini, tezda xodimlaridan biri biz bilan aloqaga chiqishi haqida aytdi. Biz yana kutdik.

...Xabar bo‘lmadi. Qo‘ng‘iroq orqali M.Ummatqulovaga qaytdik. Vaziyatni tushuntirib, axborot xizmati mas’uli bilan bog‘lanish aloqasini so‘radik. Hozir qaytib chiqaman, dedi-yu aloqa uzildi. Oradan 5-10 daqiqa o‘tgach o‘zini Shuhrat, deb tanishtirgan yigit Umid Abrorovich topshirig‘iga binoan bizga qo‘ng‘iroq qilayotgani, bizning savollar haqida televideniye jurnalistlariga ma’lumot berilgani (yoki tez orada beriladi, dedimi, ochig‘i anglay olmadik), shu bois, kerakli ma’lumotlarni ulardan olishimiz mumkinligi, bizning savolimizga esa javob berilmasligi haqida aytdi. Biz ajablandik.

Kompaniya axborot xizmati mas’uli Nargiza Botirovna bilan gaplashdik. Savollarimizga javob topilishi haqida aytdi. Bir muddatdan so‘ng o‘zini axborot xizmati xodimi Jasur O‘rolov, deb tanishtirgan “janob” qo‘ng‘iroq qildi va dedi:

– Sizga qanday ma’lumot kerak? Menga yuboring?

Vaqt peshindan og‘ib, to‘rtdan oshib qolgan vaqtda bu savoldan biz yana ajablandik.

Har qalay savolimizga qisman javob topdik. Umid Abrorovichning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, bizga ma’lumot yubordi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
7 185