Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 15:25 Chop etish versiyasi

Mehnat huquqingiz himoyalanganmi?

Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.

Bosh qomusimizda kafolatlangan bu huquqlar amalda mamlakatimiz fuqarolarining mehnat huquqlari ta’minlanishi, pirovardida har bir shaxsning mehnati samarasidan bahramand bo‘lishi, farovon turmush kechirishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Poytaxtimizda “Mehnat huquqlari kafolatlari va xodimlarning bu boradagi huquqlari sudda himoya qilinishining o‘ziga xos jihatlari” mavzuida tashkil etilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 22-sentabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarida xodimning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligi ta’minlanishi bosh omil etib belgilangan.

Xodim qulay va xavfsiz ish o‘rniga ega bo‘lish huquqiga ega. Mehnat sharoiti va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli sharoitlar yaratilishi ustidan nazorat amalga oshiriladi. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan jabrlangan yoki kasb kasalligiga chalingan xodimlar ijtimoiy himoya qilinadi. Majburiy mehnat, ya’ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.

– Har bir xodimning mehnat huquqlari kafolatlari qonunchilikda mustahkamlanishi barobarida uni amalda ta’minlash, sudda himoya qilish izchil yo‘lga qo‘yilgan, – deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi raisi Sherzod Rajabov. – 2017-yil birinchi yarmida mehnat nizosi bilan bog‘liq 237 ish ko‘rib chiqildi. Ishga tiklash, ish haqini undirish bilan bog‘liq da’volarning aksariyati qanoatlantirildi.

Seminarda mehnat qonunchiligida ish beruvchi va xodimning qanday huquq va majburiyatga ega ekanligi tushuntirilishi barobarida ular o‘rtasida nizo kelib chiqqan taqdirda buni avvalo muzokaralar yo‘li bilan hal etish, bunda ish joylarida tashkil etilgan mehnat komissiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Tadbirda mehnat huquqlari bilan bog‘liq savollarga mutaxassislar javob qaytardi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 883






Все о погоде - Pogoda.uz