Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2018 17:52 Chop etish versiyasi

Mehmonxonani o‘margan mehmon

Joriy yilning yanvar oyida Buxoro shahridagi “Buxoronur” xususiy mehmonxonasida ilgari hech kuzatilmagan voqea yuz berdi.

Xizmat muassasasida bir soatning nari-berisida uning rahbari Shahodat Ochilovaga tegishli 7 million so‘mlik tilla taqinchoqlar va Farg‘ona viloyatidan sayyohatga kelgan mehmon Xayrulla Sultonov sumkasidan 2 million 200 ming so‘m pul g‘oyib bo‘ldi.

G‘oyat taajjubli holat. Taqinchoq va pullarni kim oldi?

Vodiylik mehmon ushbu holat haqida Buxoro shahar ichki ishlar boshqarmasiga yozma murojaat qildi.

Surishtiruv-tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Nodira nomidagi mahallaning Guliston ko‘chasida yashovchi 36 yoshli Abduvali Abdurahmonov Buxoro shahriga keladi. Bu kimsani qadimiy obidalaru, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari emas, boshqa narsa qiziqtirgan. U kechga yaqin “Buxoronur” mehmonxonasining ikkinchi qavatida joylashadi.

Odatda, har qanday mehmonxonaga kelgan kishidan uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi. Ma’muriyat shu tartibga muvofiq o‘zini Abduvohid deb tanishtirgan (aslida Abduvali) shaxsdan pasporti so‘ralganda, u hozir hujjati yonida emasligi va ertaga albatta taqdim etishini aytadi. Ikkinchi kuni so‘rovga fursat topilmaydi yoki masala unutiladi...

Xullas, Abduvali mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tmasdan tunaydi.

Keyingi kun u shahar kezib, kechki payt yana mehmonxonaga qaytadi. Qarasaki, unga qarama-qarshi xonada farg‘onalik 3 nafar sayyoh joylashgan. Bir oz vaqt o‘tgach, mehmonxona sohibasi hamrohligida vodiylik mehmonlar shaharga chiqishmoqchi bo‘ldi. Qo‘nalg‘a mutasaddisi esa beozorgina bo‘lib ko‘ringan Abduvali Abdurahmonovga agar biror joyga chiqqudek bo‘lsa, mehmonxona eshigi (darvozasi)ni qulflab ketishini tayinlab, ikkinchi zaxira kalitini beradi.

Kimligi ham noma’lum shaxsga ko‘rsatilgan bunday ishonchu iltifot uning uchun ayni muddao edi. Yolg‘iz o‘zi qolgan mehmon vaqtni boy bermaydi, xonalarni bir amallab ochadi....

“Buxoronur” sohibasi va mehmonlar qaytib kelganida kirish eshigi qulflangan va Abduvali Abdurahmonov bu yerni allaqachon tark etgan edi. Bu holdan shubhalangan Xayrulla Sultonov xonadagi sumkasini ko‘zdan kechiradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, pul yo‘q. Mehmonxona sohibasi ham jabrdiyda bo‘lib chiqdi. Uning yashash xonasidagi tilla taqinchoqlar ham yo‘qolgan edi.

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan bir necha kunlik tezkor surishtiruv tadbirlari davomida Abduvali Abdurahmonov Toshkent shahrida qo‘lga olindi. Lekin bu orada u 7 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni poytaxtdagi bozorlardan birida 3 million so‘mga sotishga ulgurgan ekan.

Abduvalining yonidan uning shaxsini tasdiqlovchi biror-bir hujjat topilmadi. Ammo osoyishtalik posbonlari bu kishining kimligiyu, uning qilmishlarini aniqlashdi. “Buxoronur” mijozi jinoiy ishlari “doston” bo‘lgulik kimsa ekan...

Abduvali Abdurahmonov muqaddam, ya’ni 2013-yilda o‘zi yashaydigan Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida qing‘ir ishga qo‘l urib, unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha hududiy sud tomonidan 3 yil muddatga axloq tuzatish jazosi tayinlangan ekan. Ammo u jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlab, tekin boylik orttirish orzusida yurt kezadi. O‘sha yili Abduvali Farg‘ona viloyatiga yo‘l oladi. Niyati buzuqligi ichki ishlar idoralari e’tiboriga tushganda ayonlashdi. Bir necha jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan Abduvalining pasporti olib qo‘yildi. O‘zi esa masalaga oydinlik kiritilgunga qadar hududdan chiqib ketmaslik to‘g‘risida tilxat yozdi, lekin qonun talabini buzdi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166- va 168-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblangan Abduvaliga Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan qidiruv e’lon qilingan.

Odatda, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan kishi unga tuzalish uchun berilgan imkoniyatlardan foydalanadi. Ammo Abduvali bundaylardan emas ekan. Qing‘ir ishlardan tiyilish o‘rniga jinoiy xatti-harakatlarini davom ettiraverdi. Xayriyatki, Buxoroda qilgan o‘g‘riligi uning jinoiy ishlari solnomasidagi so‘nggi sahifa bo‘ldi.

Albatta, adolat qaror topadi. Abduvali Abdurahmonovga nisbatan jazo muqarrar. Ammo, ayrim mulohazalarni joiz, deb bilamiz. Yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati, aniqrog‘i, pasporti bo‘lmagan fuqaroga mehmonxona xizmati ko‘rsatish mumkin emas. Negaki, bundaylar orasida qing‘ir ishga qo‘l urgan va uradigan, qidiruvdagi shubhali shaxslar bo‘lishi hech gap emas. “Buxoronur”dagi holat bunga misol. Qolaversa, yana bir gap. Xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida, jumladan, mehmonxonalarda videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi shart. Afsuski, “Buxoronur”da bunga e’tibor qilinmagan. 

Yuqoridagi holat nafaqat mehmonxona xodimlaridan, balki har birimizdan shubhali kishilar bilan munosabatda hushyor bo‘lishimiz zarurligini ko‘rsatadi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
7 489