O‘zA O`zbek

11.07.2019 21:40 Chop etish versiyasi

Masʼulyatsiz masʼullar vazifasiga noloyiq deb topildi

Masʼulyatsiz masʼullar vazifasiga noloyiq deb topildi

Joriy yil 11-iyul kuni Samarqand viloyati hokimligida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonun talablariga rioya etish, koʻp yillik daraxtlarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.

Viloyat hokimi E.Turdimov madaniy meros obyektlarida olib borilayotgan restavratsiya jarayonida hududni obodonlashtirish, koʻp yillik daraxtlarni asrash hamda shahrimizga tashrif buyurayotgan mehmonlar va turistlarga zarur shart-sharoit yaratish borasida yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklarni tanqid qildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida “Park-ozero” nomi bilan yuritiladigan dam olish maskanida “Aleksandr” mehmonxonasi maʼmuriyati va ular jalb qilgan quruvchilar tomonidan koʻp yillik chinorning hech qanday ruxsatsiz kesilishi atroflicha muhokama qilindi.

Muhokama davomida viloyat prokuraturasi tomonidan uch kun muddatda mazkur holat atroflicha oʻrganib chiqilishi, aybdorlarga nisbatan qonuniy jazo choralari koʻrilishi va jamoatchilikka bildirilishi maʼlum qilindi.

Samarqand viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Ulugʻbek Obloqulov hamda viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimi Alisher Muhammadiyevlarni maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida maʼmuriy sudga murojaat qilinishi belgilandi.

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida va tizim boshqaruvida qoʻpol xatoliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Gʻolib Negmatov egallab turgan vazifasiga noloyiq ekanligi qayd etildi. Xuddi shunday Registon ansamblini taʼmirlash va undan foydalanish mustaqil direksiyasi direktori Behruz Maʼrufi ham Registon majmuasini taʼmirlash uchun hech kim bilan kelishmasdan, mardikor jalb qilgani, ishdagi masʼuliyatsizligi uchun vazifasiga noloyiq ekanligi taʼkidlanib, ularni egallab turgan lavozimidan boʻshatish toʻgʻrisida yuqori turuvchi idoralarga taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda sansolarlikka yoʻl qoʻyganligi, oʻz ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashganligi uchun Bibixonim majmuasi rahbari Gulbahor Oqilova tegishli kengashdan ruxsatnoma olmasdan Bibixonim majmuasida zamonaviy liksan oʻrnatganligi (bugungi kunda liksan olib tashlanib, eski holatiga qaytarildi) uchun rasman ogohlantirildi hamda viloyat muzeylar boshqarmasi boshligʻining xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari Xoliqul Rajabovga “hayfsan” intizomiy chora qoʻllanildi.

Muhokama yakunida mazkur yoʻnalishda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyganlar kechirilmasligi, aybdorlarga nisbatan qatʼiy jazo choralari koʻrilishi qayd etildi.

Gʻ.Hasanov, OʻzA
858